1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda banklar uchun aholiga kredit berish bo‘yicha talablar kuchaytiriladi. Bu haqdagi qarorni 21-fevral kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov imzoladi.

Regulyator aholining qarz yuki ko‘rsatkichini joriy etadi, u o‘rtacha kredit to‘lovlarining qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadi.

Qarz yuki ko‘rsatkichi — bu qarz oluvchi o‘rtacha oylik daromadining soliqlar chegirib tashlangan, barcha mavjud kreditlari va qarzlari bo‘yicha shartnoma to‘lovlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ulushi hisoblanadi. Past QYUK qiymati qarz oluvchining daromadlari va xarajatlari balansi mavjud kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashga imkon berishini ko‘rsatadi. Yuqori daraja esa ortiqcha qarzni bildiradi, ya’ni qarz oluvchi har oy daromadining asosiy qismini qarzni to‘lashga sarflashga majbur bo‘ladi.

Hozirda O‘zbekistonda qarz yuki talabi faqat mikrokreditlarga nisbatan qo‘llanadi va 50 foizni tashkil etadi. 2024-yil 1-iyuldan boshlab barcha kreditlarni (shu jumladan, mikrokreditlarni) berishda kreditorlar o‘z mijozlarining qarz yuki 60 foizdan oshmasligini ta’minlashlari shart. Ya’ni agar qarz oluvchi o‘z daromadining 60 foizini kredit to‘lash uchun sarflashiga to‘g‘ri kelsa, banklar kredit berishdan bosh tortadi (2023-yilning birinchi yarim yilligi oxiriga ko‘ra, qarz oluvchilar o‘z daromadlarining o‘rtacha 69 foizini avtokreditlarni to‘lashga, 46 foizini ipotekaga sarflagan). 2025-yil 1-yanvardan boshlab bu ko‘rsatkich 50 foizgacha qisqartiriladi.

Shu bilan birga, qarz yuki uchun istisnolar bo‘ladi. Xususan, bank qarz oluvchi kredit portfelining 15 foizigacha bo‘lgan miqdorida qarz yukini hisobga olmagan holda kredit (mikrokredit) berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Markaziy bankning Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Nosirovning tushuntirishicha, ushbu istisno kredit olishni cheklashga qaratilmagan.

Qarz yukini barcha kreditlar kontekstida hisoblashni joriy etish orqali regulyator aholi daromadlarini legallashtirishga erishish, o‘z daromadlarini qonuniylashtirgan qarz oluvchilarni kreditlashni rag‘batlantirish, norasmiy daromadlarni baholashni rasmiylashtirish va banklarni mas’uliyatli kreditlashga jalb etishni maqsad qilgan.

Daromadni hisoblashda quyidagi ma’lumotlar hisobga olinadi:

  • ish haqi;
  • pensiya miqdori;
  • jamg‘arilgan pensiya badallari;
  • bank hisobvaraqlariga tushgan daromadlar;
  • to‘langan soliqlar;
  • foizlar, dividendlar, ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar;
  • qarz oluvchining oxirgi 6 oy ichida olgan muntazam daromadi.

To‘lovlarni hisoblashda quyidagilar hisobga olinadi:

  • kreditning to‘liq qiymati (mikrokredit);
  • foizlar;
  • shartnomani tuzish vaqtida ma’lum bo‘lgan boshqa to‘lovlar.

Qarz oluvchilar qarz oluvchining o‘zi, birgalikda qarz oluvchi va kafil hisoblanadi. Bundan tashqari, agar kredit muddati 36 oydan oshsa, o‘rtacha oylik to‘lovlarni hisoblashda 36 oyga bo‘lingan summa belgilanadi, ipoteka kreditlari berishda esa 180 oy (oldinroq e’lon qilingan 120 oy o‘rniga).

Markaziy bank taklif etilayotgan cheklovlar tufayli aholiga kredit ajratish sekinlashishini kutmayotganini ma’lum qildi.

Sanjar Nosirov ta’kidlagandi: “Kredit berishni to‘xtatib turish haqida gapirganda, ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Sababi, mavjud [kredit] resurslarni biror joyga yo‘naltirish kerak. Kredit berish birdaniga to‘xtatib qo‘yilmaydi. [Kredit berish] yo‘nalishlari o‘zgarishi yoki qarz oluvchilarga qo‘yiladigan talablar yanada qattiqlashishi mumkin. Kreditni qaytara olmagan qarz oluvchilarga bank kredit bermasligiga intilamiz. Biroq kredit berish [yangi talablar tufayli] bevosita kamayadi, deyish qiyin”.

“Gazeta.uz” avvalroq cheklovlar joriy etilishiga sabab bo‘lgan shartlar haqida yozgan edi.