O‘zbekistonda 2030-yilgacha “Yevro-5” va undan yuqori standartlarga javob bermaydigan avtotransport vositalarining harakati Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida bosqichma-bosqich cheklanadi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligi mazkur yangi tartibning “to‘liq, sifatli va so‘zsiz” bajarilishi ustidan mas’ul etib belgilandi.

Avvalroq xuddi shu farmon bilan 1-martdan boshlab Toshkent shahrida tig‘iz vaqt oraliqlarida yuk tashish uchun ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari va tirkamalarning harakati taqiqlanishi haqida ham yozgan edik.