Toshkentda har oyning bir ish kunida avtomobillar harakatini qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoat loyihasi o‘tkaziladi.

Avtotransport vositalari chiqindi gazlarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida keng jamoatchilik vakillari va ekologik faollarning ushbu taklifi Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlandi.

Cheklov jamoat transporti, shuningdek, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlari avtomobillariga taalluqli bo‘lmaydi.

Binolari Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlariga “jamoat transportida ish joyiga kelish orqali shaxsiy namuna ko‘rsatib borish” topshirildi.

Farmonda yangi normaning “to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi” uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Transport vazirligi va Toshkent shahri hokimligi mas’ul etib belgilandi.