AQSh prezidenti Jo Bayden bir necha kun oldin vafot etgan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning rafiqasi va ishining davomchisi Yuliya Navalnaya hamda qizi Dasha Navalnayalar bilan uchrashdi. Siyosatchi bu haqda o‘zining X`dagi (sobiq Twitter) sahifasida ma’lum qildi.

“Bugun men Aleksey Navalniyning yaqinlari — Yuliya va Dasha Navalnayalar bilan ularning katta yo‘qotishi yuzasidan hamdardlik bildirish uchun uchrashdim. Alekseyning jasorat merosi Yuliya, Dasha va Rossiya bo‘ylab demokratiya hamda inson huquqlari uchun kurashayotgan son-sanoqsiz odamlarda yashashda davom etadi”, — deb yozdi Qo‘shma Shtatlar yetakchisi.

алексей наvaльний, жо байден, санкция, юлия наvaльная

CNN`ning yozishicha, mazkur uchrashuvdan so‘ng Bayden AQSh Navalniyning o‘limi tufayli Putinga qarshi sanksiyalar joriy qilishini bildirgan.

“Men uning rafiqasi va qizi bilan uchrashish va u (Navalniy — tahr.) aql bovar qilmaydigan darajada jasoratli odam bo‘lganini aytish sharafiga muyassar bo‘ldim. Ertaga biz uning o‘limida aybdor bo‘lgan Putinga qarshi sanksiyalarni e’lon qilishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Bayden.

AQSh prezidentining qo‘shimcha qilishicha, uchrashuvda unga Navalniyning bevasi “kurashni davom ettirishi” ma’lum bo‘lgan.

Aleksey Navalniy koloniyada vafot etgach, Bayden bayonot berib, siyosatchining o‘limi uchun Vladimir Putin javobgar ekanini ta’kidlagandi.

Shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi shaxsan Putinga qarshi sanksiyalar joriy etgan.