Shavkat Mirziyoyev huzurida 22-fevral kuni bo‘lib o‘tgan taqdimotda aviatsiya sohasidagi davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalasi muhokama qilindi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Transformatsiyani jadallashtirish

Taqdimotda Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airrorts AJlaridagi transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, xizmat turlari va daromadni ko‘paytirish bo‘yicha joriy yilgi rejalar muhokama qilindi.

Xususan, milliy aviakompaniyaga xalqaro kredit reytingi olib, uni IPO`ga (aksiyalarni ommaviy joylashtirish) chiqarish jarayoni boshlanishi kerak.

Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini xususiy boshqaruvga o‘tkazish va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston aeroportlaridan parvozlar sonini 20 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2022-yil apreldagi farmoni bilan 2022-yil 1-sentabrgacha Uzbekistan Airways`ning 51 foiz va undan yuqori davlat ulushini, shu jumladan, IPO orqali savdoga qo‘yish bo‘yicha ishlarni boshlash topshirilgan edi. O‘sha yilning avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Uzbekistan Airways`ni xususiylashtirish strategiyasini ishlab chiqish uchun konsalting kompaniyalar tanlash bo‘yicha tanlov e’lon qilgan edi.

Taqdimotda aviakompaniyadagi xarajatlarni 20 foizga kamaytirish rejalari haqida so‘z bordi.

Yoqilg‘i sarfi yuqori bo‘lgan eski samolyotlarni sotib, zamonaviy va tejamkorlarini xarid qilish rejalashtirilgan.

Foydalanilmayotgan va daromad keltirmayotgan aktivlar ham sotuvga chiqariladi.

“72 ta yo‘nalish bo‘yicha optimal parvozlar marshrutini tanlash orqali yoqilg‘i sarfi sezilarli kamaytiriladi”, — deyiladi bayonotda.

Prezident xarajatlarni kamaytirish dasturini tasdiqlab, xizmatlar raqobatdoshligini oshirish, xususiy sheriklik loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

U aeroportlarda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘paytirish, Navoiy aeroportida samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni rivojlantirib, uning imkoniyatlarini to‘liq ishga solish zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, davlat aviakompaniyalariga xorijlik malakali mutaxassislarni jalb etish, kadrlar tayyorlashni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Amalga oshirilmagan potensial

Tadbirda aytilishicha, “aviatsiya xizmatlari bozorida xususiy sektorga keng yo‘l” ochilganiga qaramay, o‘tgan yili ularning hajmi atigi 11,6 foizga o‘sgan.

O‘zbekistonni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida havo transporti hajmini 4 barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Bu maqsadni amalga oshirish uchun sohada yillik o‘sish sur’ati kamida 20 foizni tashkil etishi kerak, deyiladi taqdimotda.

Shavkat Mirziyoyev aviachiptalarning yuqori narxlari, mavjud talabni qondirish uchun ichki va xalqaro reyslar yetarli emasligini yana bir bor ta’kidladi.

“Parvozlarning asosiy qismi haligacha Toshkent va Samarqand aeroportlariga to‘g‘ri keladi. Aeroportlarda havo kemalari va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari cheklangan, qo‘shimcha xizmatlardan daromad jami tushumning bor-yo‘g‘i 7 foizini tashkil qiladi. Toshkent, Navoiy, Namangan aeroportlari tranzit salohiyati to‘liq ishga solinmayapti”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bugungi kunda O‘zbekistonda aviakompaniyalar soni 15 taga, jumladan, xususiylari 10 taga yetdi. O‘tgan yili ular 28 ta yangi samolyot sotib oldi.

So‘nggi yetti yil ichida reyslar soni ikki baravar ko‘paygan. Samarqand aeroporti xususiy sheriklikka berilgani hisobiga yo‘lovchi oqimi 4 barobar ortib, 1 millionga yetgan.