Panorama Airways bilan hamkorlik qilib, Umra ziyoratiga minglab o‘zbekistonliklarni Saudiya Arabistoniga olib borib, ularni qaytarib kelmagan 39 ta turfirmaga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Transport prokuraturasining Turizm qo‘mitasiga yozgan xatida ma’lum qilingan. Xat nusxasi dastlab tarmoqlarda tarqaldi, uning haqiqiyligini Bosh prokuratura “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

panarama airways, турфирма, умраpanarama airways, турфирма, умра

Hujjatda qayd etilishicha, Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi “Gulbakhor Airways”, “Mabrur Tur”, “Ravza Tur”, “Ramazon Travel”, “Fayz Turizm”, “Hizmat Travel”, “Toyib Tur”, “Ark Tur”, “Zaytun Travel”, “Maxbub Tour”, “Muhtasham Travel”, “Marjon Tur”, “Ixsan Travel”, “Exrom Tur”, “Madinax”, “Di Travel”, “Risola Travel”, “Maroqand”, “Hiro Tur”, “Najot Tour”, “Labbaik Travel”, “City Gloud”, “Ajva”, “Global Tur”, “Osiyo Tur”, “Brend Tur”, “Qibla Travel”, “Musaffo”, “Ummat uchun”, “Sayyor Sayohat”, “Maya Tur”, “Sulton Travel”, “Musaffirun, “Air Fayz”, “Mubin Tur”, “Road Silk”, “Ziyo Tur”, “Makon Yunayted” va “Mahdiy Travel” turfirmalarining faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragan.

Bunga sabab sifatida ushbu turfirmalarning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani aytiladi.

“Jinoyat ish hujjatlariga ko‘ra, Panorama Airways va yuqorida qayd etilgan turizm faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi bir nechta tadbirkorlik subyektlari Umra tadbirlari uchun 3 931 nafar O‘zbekiston fuqarosining juda ko‘p miqdordagi pullarini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ularni Saudiya Arabistondan O‘zbekistonga qaytarmagan”, — deyiladi xatda.

Avvalroq, Panorama Airways xususiy aviakompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida bir kishi qamoqqa olingani haqida xabar bergandik.

Eslatib o‘tamiz, Turizm qo‘mitasi Panorama airways xususiy aviakompaniyasi tomonidan parvozlarning kechikishi tufayli o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Umra safaridan qayta olmayotgani yuzasidan bayonot bergandi. Unda xizmatlarni sifatsiz ko‘rsatilganidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga moddiy va ma’naviy zarar sud qarori bilan undirib berilishini eslatib o‘tilgandi. 5-fevral kuni kompaniya 2−4-fevral kunlari 3000 dan ortiq yo‘lovchi uylariga qaytganini ma’lum qildi.