21-fevral kuni “Hayraton” vokzalida O‘zbekiston va Afg‘onistonni bog‘lovchi Hayraton — Mozori Sharif temiryo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga bag‘ishlangan ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

Ikki tomon kelishuviga muvofiq, temiryo‘l liniyasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan edi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan ishning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun 120 nafar ishchi jo‘natildi.

Birinchi bosqichda yuk vagonlarini qisqa muddatda “Naybobod” vokzaliga yetkazib berish rejalashtirilgan. Shu maqsadda “Hayraton” bekatining “B” parkida hamda temiryo‘l infratuzilmasining 57 kilometrlik hududlarida to‘liq tiklash ishlari parallel ravishda tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Afg‘oniston temiryo‘l kompaniyalari rahbarlari o‘tgan yilning noyabr oyida Hayraton — Naybobod — Mozori Sharif temiryo‘lining bir qismini ta’mirlashga kelishib olgan edi. Afg‘oniston tomoniga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” rahbari Zufar Narzullayev ta’mirlash ishlarini “sifatli, qulay narxda va 50 foizlik chegirma bilan amalga oshirishga” va’da bergan.