Yevroparlament va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar havo sifati standartlarini kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Yangi qoidalar havoni ifloslantiruvchi moddalarning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga yaqin bo‘lgan chegaralarni belgilaydi.

O‘tgan yilning noyabr oyida Yevropa atrof-muhit agentligi 2021-yilda YeIda 253 ming kishining o‘limiga mayda zarrachalar (PM2,5) oqibatida yuzaga kelgan ifloslanish sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Qandli diabet bilan kasallangan odamlar uchun eng zararli bo‘lgan azot dioksidi (NO2) ifloslanishi 52 ming kishining, ozonning qisqa muddatli ta’siri (O3) 22 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Dastlabki kelishuvga ko‘ra, 2030-yilgacha PM2,5 zarralarining o‘rtacha yillik konsentratsiyasi 25 mkg/m3 dan 10 mkg/m3 gacha, NO2 niki esa 40 mkg/m3 dan 20 mkg/m3 gacha pasaytiriladi.

Hujjat YeIga a’zo davlatlarga jiddiy sabablar bo‘lsa, 2029-yil 31-yanvargacha standartlarga erishishni kechiktirishni so‘rash imkoniyatini beradi.

Endi kelishuv Yevroparlament va YeI Kengashi tomonidan rasman tasdiqlanishi, keyin esa qabul qilish jarayonidan o‘tishi kerak.

Avvalroq AQShda ham havo sifati standartlari kuchaytirilgandi. Mamlakatda PM2,5 ning ruxsat etilgan o‘rtacha yillik konsentratsiyasi 12 mkg/m3 dan 9 mkg/m3 gacha kamaytirilgan.