O‘zbekistonda kunning tig‘iz vaqtlarida elektr energiyasi va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga (AGTKSH) gaz yetkazib berishda cheklovlar saqlanib qolmoqda, dedi Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev.

19-fevral — dushanba kuni barcha elektr stansiyalar orqali jami 243,9 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 41,3 mln kubometr tabiiy gaz, 25,6 ming tonna ko‘mir hamda 12,1 ming tonna mazut yoqildi.

Bundan tashqari, Turkmanistondan 20,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi. Respublika iste’molchilariga 236,2 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

“Qishning sovuq kunlarida gaz bosimining avariya oqibatida keskin tushib ketishi hamda aholi iste’molchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning bir necha marotaba oshishi tufayli kecha ham mamlakat bo‘ylab kunning tig‘iz vaqtlarida 550 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi”, — dedi Energetika vazirligi mas’uli.

Vazirlikning ogohlantirishicha, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, holat yaxshi tomonga o‘zgargunga qadar bugun ham (20-fevral) kunning tig‘iz paytlarida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilishi mumkin.

Gaz bosimining odatdagidan ko‘ra past ekaniga qaramay, 19-fevral kuni uning iste’moli yanada ortib, 153,2 mln kubometrni tashkil qildi.

Shuningdek, tashkilot 17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi oqibatida favqulodda to‘xtagan 10 ta gaz haydash agregati kecha ishga tushirilganini aytmoqda. Hozirgi vaqtda “L-Gazli-1” tarmog‘ining bir qismida elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Uning qolgan qismida va “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmog‘ida ta’mirlash ishlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.

“Tabiiy gaz hajmi me’yoriy sxemaga yaqinlashyapti. Biroq sovuq ob-havo tufayli gaz bosimining pasaygani me’yoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktirmoqda”, — deya izoh berdi Hasan Toshxo‘jayev.

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida yana boshqa zarur choralar ham ko‘rilmoqda.

Xususan, gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida mamlakatdagi barcha metan zapravkalar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bugun ham davom etadi.

Kun davomida o‘zgarish yuz berib, qaysidir hududda metan zapravkalar faoliyati oldindan belgilangan reja-grafik asosida yo‘lga qo‘yilsa, bu haqida Energetika vazirligining rasmiy axborot resurslari orqali alohida xabar beriladi.

19-fevral kuni O‘zbekistondagi 152 ta metan zapravka orqali ijtimoiy sohalar — tibbiyot muassasalari, jamoat transportlari hamda shu kabi boshqa obyektlarga tegishli avtomobillarga 941 ming kubometr tabiiy gaz yetkazib berilgan.

Avtobenzin va dizel yonilg‘isi aholi hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojini qoplaydigan darajada yetkazib berilmoqda. Xususan, 19-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 4 ming 180 tonna avtobenzin yetkazib berilgan.

Noyabr oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov joriy qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya tanqisligini qanday qoplashni rejalashftirayotgani haqida gapirgandi. Mazutdan energiya ishlab chiqarish, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkazish, yoqilg‘i quyish shoxobchalariga gaz yetkazib berishni qisqartirish va boshqalar kabi chora-tadbirlar shuning qatoridadir.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston qanday qilib gaz eksport qiluvchi davlatdan import qiluvchi davlatga aylanganini o‘rganib chiqqandi.