LOT Polish Airlines aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Polsha aviakompaniyasi Toshkent va Varshavani muntazam havo qatnovlari bilan bog‘laydi, birinchi yo‘lovchi reysi 14-martga belgilangan.

Toshkent — Varshava — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga uch marta: dushanba, payshanba va shanba kunlari Boeing 737 MAX 8 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Aviatashuvchi aprel va may oylarida qo‘shimcha parvozlarni amalga oshirish rejasini ham e’lon qildi. Qo‘shimcha reys haftaning seshanba kuni Varshava — Toshkent yo‘nalishida, qaytish esa chorshanba kuni bo‘ladi.

“Biz Varshavani o‘tkazish punkti sifatida tanlagan tranzit yo‘lovchilar uchun ham, oxirgi manzili Polsha poytaxti bo‘lganlar uchun ham qulay jadval ishlab chiqdik. Varshava orqali tranzit qilayotganlar 4 soatdan kamroq vaqt ichida qulay ulanishlar bilan LOT Polish Airlines`ning Skandinaviya, G‘arbiy va Markaziy Yevropadagi keng yo‘nalish tarmoqlaridan foydalanishlari mumkin”, — dedi aviakompaniya bosh direktori Mixal Fiyol.

“Varshava va Toshkent o‘rtasida aviaqatnovlarning ochilishi biz uchun Yevropa bilan havo aloqalarini o‘rnatishda muhim qadam bo‘ldi. LOT Polish Airlines O‘zbekiston fuqarolari uchun Yevropa shaharlariga, yevropaliklar uchun esa O‘zbekiston shaharlariga pandemiyadan so‘ng parvozlarni ochgan birinchi Yevropa aviakompaniyasiga aylanadi”, — deya qo‘shimcha qildi Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxodjayev.

LOT Polish Airlines Polshaning 1929-yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Varshavada joylashgan aviakompaniyasidir. U dunyodagi eng qadimgi, yirik va a’zolar soni ko‘p bo‘lgan — Star Alliance a’zosi hisoblanadi. Aviakompaniya parkiga 80 ga yaqin samolyotlar kiradi va uning yo‘nalishlar tarmog‘i 100 dan ortiq yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.