2024-yilda O‘zbekistonni kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yoz kutayotgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zgidromet xabarlarni rad etib, 2024-yil yozi odatdagidek bo‘lishini xabar qildi.

Qayd etilishicha, hozirda kuzatilayotgan El-Nino tabiiy hodisasi 2024-yilning apreligacha davom etadi. Ushbu hodisa 10 ta raqamli iqlim modellari hisob-kitoblarining o‘rtacha natijasi hisoblanadi. Keyinchalik, ilmiy asoslarga ko‘ra, O‘zbekistonda odatdagi issiq yoz fasli (Toshkentda havo harorati +40 darajagacha), quruq kuz va sovuq qish bilan tavsiflangan La-Ninya jarayoni rivojlana boshlaydi. Quruq kuz, ya’ni yog‘ingarchilik miqdori me’yordan past bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zgidrometning ta’kidlashicha, issiq yoz — O‘zbekiston iqlimi uchun tez-tez uchraydigan hodisa. Janub va cho‘l hududlarida +40…+45 darajagacha, qolgan hududlarda esa +40…+42 darajagacha issiq bo‘ladi. Eng issiq havo yoz oyida odatda 5−7 kun davom etadigan termal tushkunlik bilan bog‘liq va bunday holat 2−3 marotaba kuzatiladi.

Avvalroq xabar berilganidek, 2024-yilning yanvari dunyo bo‘ylab mazkur oy uchun rekord darajada issiq kechdi. Olimlar bu yanvar ketma-ket sakkizinchi eng issiq oy bo‘lganini ta’kidlamoqda — rekord darajalar 2023-yil iyunidan beri qayd etilyapti.

Meteorologlar avvalroq 2023-yil rekord darajadagi eng issiq yil bo‘lganini tasdiqlagandi — global harorat sanoatdan oldingi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,4 darajaga yuqori bo‘lgan. Ammo, olimlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yil atmosferaga chiqayotgan issiqxona gazlari chiqindilari ko‘payib, shuningdek, El-Nino tabiiy hodisasi tufayli o‘tgan yilga nisbatan issiqroq bo‘lishi mumkin.