O‘zbekistonda yil davomida ikkitadan ortiq avtomobil sotgan jismoniy shaxslarni deklaratsiyalash tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. 13-fevral kuni prezidentga taqdim etilgan Strategik islohotlar agentligi taqdimotida shu haqda so‘z boradi. “Gazeta.uz” u bilan tanishib chiqdi.

Qayd etilishicha, 2022-yilda 33 mingga yaqin fuqaro 3 va undan ortiq avtomobil xarid qilgan. Deklaratsiya tizimi orqali chayqovchilikning oldini olish va budjetga qo‘shimcha 30 milliard so‘m tushum tushirish maqsad qilingan.

Olibsotarlarga qarshi kurashish uchun UzAuto Motors agar bir kishi yiliga bir xil modeldagi ikkitadan ortiq avtomobil sotib olgan bo‘lsa, avtomobilni xaridorga yetkazib berish muddatini 120 kungacha oshirishini ma’lum qilgandi. Bunday holda, har bir keyingi mashina navbatning oxiriga ko‘chiriladi.

O‘tgan yil oxirida O‘zbekistonda yangi avtomobillarni chakana sotish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan edi. Endilikda UzAuto Motors mijoz bilan 12 oy ichida ikkitadan ortiq oldi-sotdi shartnomasi tuzgan bo‘lsa, u bilan avtomobil yetkazib berish bo‘yicha yangi shartnoma tuzishdan bosh tortishi mumkin bo‘ladi.

Noyabr oyida moliyachi Otabek Bakirov avtomobillarni qayta sotuvchi chayqovchilar daromadiga soliq solishni taklif qilgan edi. “Nima uchun 1 yil ichida sotilgan avtomobil bo‘yicha avtomobilning preyskurant narxi bo‘yicha 12 foizlik daromad solig‘i qo‘llash mumkin emas? Uy-joy 3 yil ichida sotilsa, farqi soliqqa tortiladi-ku?”, — degandi u.

U UzAuto Motors tomonidan yetkazib beriladigan avtomobillar yetishmasligini inobatga olib, avtomobillarni import qilishda bojxona rejimini yumshatish va avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalar narxlarini liberallashtirishni taklif qilgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, Rossiyada, masalan, agar avtomobilga 3 yildan kamroq vaqt davomida egalik qilingan bo‘lsa, deklaratsiya topshirish va olingan daromad miqdori bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS) to‘lash kerak.

Bundan tashqari, taqdimotga ko‘ra, daromad solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar sonini 36 tadan 30 taga qisqartirish ko‘zda tutilgan (Soliq kodeksining oldingi tahririda 18 ta bo‘lgan). Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda bunday xarajatlar soni 23 ta, Qirg‘izistonda 20 ta, Ozarbayjonda 9 ta, Xitoyda 8 tani tashkil etadi.

Shuningdek, davlat mulkini xususiylashtirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) bekor qilish taklif etilmoqda. Qayd etilishicha, xususiylashtirilgan obyektning narxi “sun'iy ravishda 12 foizga oshirilgan”. Masalan, ayanchli ahvoldagi shifoxona binosi auksion savdosiga 1,3 milliard so‘mga qo‘yilgan, biroq 162 million so‘m miqdorida QQS to‘lash ham kerak.

Yagona tariflar bo‘yicha yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga QQSning nol stavkasini qo‘llash rejalashtirilmoqda. Masalan, 9 milliard so‘mga avtobus va mikroavtobuslar sotib olgan Andijonning “Alpomishtrans” kompaniyasi QQSni hisobdan chiqarish imkoniyatiga ega emas.

Avval xabar berilganidek, O‘zbekistonda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda quruvchilar va boshqalar uchun naqd puldan foydalanishni qisqartirish va naqdsiz to‘lovlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Yog‘och, shinalar va shakar ulgurji savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish ham rejada bor.