Ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning xizmat avtomobili velosipeddagi erkakni urib yuborgani aks etgan videolar tarqaldi.

Ularda avtomobil yo‘lning belgilanmangan qismidan o‘tayotgan velosiped haydovchisini urib yuborgani, shundan so‘ng mashina ichidan vazir va uning haydovchisi tushib unga yordam berishga shoshilganini ko‘rish mumkin.

Madaniyat vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirarkan, voqea 16-fevral kuni Andijon viloyati Qorasuv shahrida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan va shifokorlar unga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Tekshiruvlar natijasida yo‘lovchining sog‘lig‘i bilan bog‘liq jiddiy, xavotirli holat yo‘qligi aniqlangan.

Vazirlik fuqarolardan yo‘lda harakatlanish madaniyatiga qat’iy rioya qilishlarini so‘radi.