Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan Xonobod shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda transport xizmatlarini yaxshilash maqsadida mutasaddilarga uchta topshiriq berdi.

Unga ko‘ra,

  • Xonobod — Andijon — Izboskan — Asaka temiryo‘l aylanmasida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
  • Andijon — Qo‘qon, Andijon — Toshkent, Andijon — Termiz va Andijon — Qo‘ng‘irot yo‘nalishlarda poyezd qatnovi ikki baravar ko‘paytiriladi.
  • Andijon — Shahrixon, Andijon — Asaka va Andijon — Do‘stlik yo‘nalishida avtobus qatnovi ikki barobar oshiriladi.

Yig‘ilishda, shuningdek, viloyat jadal sur’atda rivojlanayotgani, sanoati bo‘yicha respublikada to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilgani qayd etildi. Viloyat yiliga 280 ming tonna paxta, 530 ming tonna g‘alla va 2,5 mln tonna meva-sabzavot yetishtiradi.

“Shu bilan birga, Andijonda hali ishga solinmagan imkoniyatlar va salohiyat juda katta”, — deya ta’kidladi prezident.

Bundan tashqari, davlat rahbari viloyatda 35 ta transformator katta yuklama bilan ishlayotgani, Bo‘ston va Ulug‘nor tumanlarida elektr ta’minotidagi uzilishlar ko‘payganini qayd etib o‘tdi. Shu sababdan Shahrixondagi podstansiyadan 23 kilometr elektr tarmog‘ini tortib, 2 ta yangi podstansiya quriladi.

Shuningdek, Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda Asakada 150 megavatt, 2025-yilda esa 100 megavatt elektr saqlash tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan, Andijon tumanida jami quvvati 400 megavatt bo‘lgan quyosh stansiyalari qurilishi boshlanadi.

Prezident ikki yilda 3 ta kichik va mikro GES qurilishini yakunlash, hindistonlik hamkorlar bilan “Shahrixonsoy” kanalida kinetik turbinali 2 ta mikro GESni ishga tushirish muhimligini ta’kidladi.