Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 20 million dollarlik mulkini qonuniylashtirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu daromadlarni legallashtirish to‘g‘risidagi qonun doirasida rasmiylashtirilgan.

“Mulkimning qiymati taxminan 20 million dollarni tashkil qiladi. Qonuniylashtirish uchun davlatga million so‘m to‘ladim. Buni qonun talab qiladi. Chet elda mulkim yo‘q. Bo‘lganida, ularni o‘zimizdagi banklarga qo‘ygan bo‘lardim”, — deb yozdi Japarov Facebook`da.

Qirg‘iziston rahbari siyosatga biznesdan kelganini eslatdi va Bishkekdagi Asman biznes markazi binosiga egalik qilishini tan oldi. U 2010-yilda qurib bitkazilgan va mamlakatdagi aprel inqilobidan keyin Japarov fraksiyasini boshqargan “Ata-Jurt” partiyasining shtab-kvartirasi sifatida foydalanilgan. 2020-yilda prezidentlik saylovi vaqtida binoda Japarovning shtab-kvartirasi tashkil etilgan edi.

Asman biznes markazi. Foto: Sadir Japarovning Facebook`dagi sahifasi.Asman biznes markazi. Foto: Sadir Japarovning Facebook`dagi sahifasi.

“Mening binolarim avval boshqa odamlar nomida bo‘lgan. Hozir legalizatsiya to‘g‘risidagi qonun asosida ularni ro‘yxatdan o‘tkazdim. Men namuna ko‘rsatmoqchi bo‘ldim va birinchi bo‘lib mulkimni qonuniylashtirdim”, — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

U gap yana qaysi binolar haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. Uning postiga faqat Asman biznes markazi surati ilova qilingandi.

Japarov, shuningdek, boy qirg‘izistonliklarni 2024-yil 1-iyuldan kuchini yo‘qotadigan qonundan foydalanib, mulkini qonuniylashtirish va xorijiy banklardagi pullarini mahalliy banklarga o‘tkazishga chaqirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat qonuniylashtirilgan kapital 100 foiz saqlanishini kafolatlaydi.

“Hech kimga sir emas, barchamiz (oddiy fuqarolar emas, o‘rtacha biznes darajasidan yuqori bo‘lgan tadbirkorlar) o‘z mulkimizni birovning nomiga rasmiylashtirganmiz. Qolaversa, mamlakatimizning eng badavlat fuqarolari hamon milliardlarini xorijiy banklarda saqlamoqda, — dedi Japarov. — Hozirgacha yirik miqdordagi mablag‘ning manbasi va bu mablag‘lardan to‘langan soliq miqdori ko‘plab savollarni tug‘dirardi. Endi ushbu qonun bilan bu kabi muammo yuzaga kelmasligi uchun qonuniylashtirish imkoniyatini yaratyapmiz”.

  • Japarov aytayotgan “Jismoniy shaxslarning mol-mulkini ixtiyoriy ravishda legallashtirish va amnistiya qilish to‘g‘risida”gi qonun 2023-yilda qabul qilingan. Parlament muhokamasi bosqichida ham hujjat ayrim deputatlar, shuningdek, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar tomonidan tanqid qilingandi.
  • “Adilet” yuridik klinikasi huquqshunoslari qonun loyihasini sharhlar ekan, “aslida bu korrupsiyaning qonuniylashtirilishi” ekanini ta’kidladi: “Taklif etilayotgan loyiha, aksincha, masalan, og‘ir jinoyatlar, odam savdosi, bolalar mehnatidan foydalanish va majburiy mehnatdan daromad olishni rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, jinoyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga yo‘l qo‘ygan shaxslarni har qanday javobgarlikdan ozod qilish jinoyat qonunchiligining sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlikning muqarrarligi haqidagi asosiy tamoyiliga ziddir”.
  • Japarovning o‘zi esa qonunning maqsadi boylar va sobiq amaldorlarning pullarini Qirg‘izistonga qaytarish ekanini ta’kidlagan. “Bizda 200 ga yaqin boylar, millionerlar va milliarderlar bor. Ular korxonalar quradi, lekin pullarini chet el banklarida saqlaydi. oktabr voqealaridan keyin (2020-yil oktabr oyida Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari — tahr.) ularning pullarini qaytarishga harakat qildik, 2 milliard dollardan 100 milliard so‘mgacha qaytardik, — деgaндиу. — Biz pulning ofshorlarda, masalan, Kiprda yotishini emas, balki mamlakatimiz uchun ishlashini istaymiz”.