15-fevral kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi sanoat zonasida noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 110 ming quti tamaki mahsulotini yo‘q qilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-iyuldagi “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi 200-sonli qaroriga muvofiq tamaki mahsulotlari majburiy tarzda yo‘q qilib tashlanishi belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaning Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sirdaryo viloyatidagi yashash xonadonlarining birida tegishli hujjatlari bo‘lmagan 108 138 quti tamaki mahsuloti borligi aniqlangan.

Tamaki yoqish jarayonidan so‘z jurnalistlar bilan o‘tkazilgan brifingda o‘tgan davrda 2 mln qutidan ortiq tamaki mahsulotlari keng jamoatchilik ishtirokida yo‘q qilingani haqida ma’luot berildi.

Bojxona organlari tomonidan 2023-yilda 291 ta holatda qiymati 92,2 mlrd so‘mlik 5,7 mln quti, 2024-yilda esa 56 ta holatda qiymati 14 mlrd so‘mlik 528 740 quti tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlangan.

Shu bilan birga, brifingda 2023-yilda ushlab qolingan noqonuniy tamaki mahsulotlaring miqdori 2022-yilga nisbatan 3,5 barobarga oshgani ta’kidlandi.

“Gazeta.uz” 2023-yil iyul oyida 228 ming qutidan ortiq tamaki yoqib yuborilgani bo‘yicha fotoreportaj tayyorlagandi.