Toshkentda infratuzilmani rivojlantirish, velosiped va mototransportdan foydalanishni ommalashtirish reja qilinmoqda. Bu 13-fevral kuni prezidentga taqdim etilgan 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy strategik islohotlarga bag‘ishlangan taqdimotda ko‘rsatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, taqdimotda beshta asosiy yo‘nalishda — transport, urbanizatsiya va shaharsozlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va energetika sohasiga doir islohotlar ko‘rib chiqilgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi uch yilda poytaxtda aholi soni 15 foizga (385 ming kishi), avtomobillar soni 29 foizga (172 ming kishi) oshgan. Natijada ish kunlarida o‘rtacha 7−9 ballik tirbandlik kuzatilmoqda. 2020-yildan buyon yo‘lga sarflanadigan vaqt 50 foizga oshib, yoqilg‘i sarfi va atrofga chiqadigan zararli gazlar miqdori ortib bormoqda.

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida transport vositalarining alternativ turlari — moped, skuter, velosiped ishlab chiqarishni rivojlantirish zarurligini aytdi. Buning uchun alohida dastur qabul qilinadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shaxsiy transportlar umumiy sonining 90 foizdan ortig‘i yengil avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi, avtomototransport vositalari esa atigi 1,4 foizni (50 ming dona) tashkil etadi. Shu bilan birga, 2023-yilda O‘zbekistonda 9300 dona moped va skuter ishlab chiqarilgan (o‘sish 2,3 barobar).

Muqobil transport turlarini rivojlantirish uchun velosipedlar va mototsikletlar uchun infratuzilma yaratiladi. Jumladan, avtomototransport vositalari uchun xavfsiz va qulay yo‘llar hamda yo‘laklar qurish, shuningdek, ular uchun alohida svetoforlar, yorug‘lik qaytaruvchi belgilar va energotejamkor yoritish tizimlari o‘rnatish rejalashtirilgan.

Strategiya velosiped va mototsikllardan foydalanishni rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etishni ham nazarda tutadi. Banklar velosheyringni (velosiped ijarasi)ni rivojlantirish uchun mototransport xarid qilinishini moliyalashtiradi. Vazirlik, idora va tashkilotlar atrofida mototransport uchun avtoturargohlar tashkil etuvchi tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi.

Shuningdek, velosipedda yurgan masofaning har 1 km masofa uchun soliq imtiyozlari, 10 km dan oshgan taqdirda esa qo‘shimcha ravishda subsidiyalar berilishi ko‘zda tutilgan. Mototransport vositalarini sotib olish uchun subsidiyalar (qiymatining 25 foizigacha, lekin har biri uchun BHM 3 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) berilishi belgilangan.

Bundan tashqari, velosiped va mototsikletlarni o‘g‘irlanganini aniqlash va qaytarish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish, to‘xtash joyi va ijaraga berish va ta’mirlash punktlari haqida ma’lumot beruvchi portal yaratish rejalashtirilgan.

Mototransport yo‘laklarida to‘xtagan va to‘xtab turgan avtomashinalar uchun jarimalar qo‘llash tizimini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

велоyo‘lак, velosiped, mototransport, strategik islohotlar agentligi

Strategik islohotlar agentligi rahbari O‘zbekistondagi ob-havo sharoiti bunday transport turlarini rivojlantirish uchun qulay ekanini ta’kidladi.

2023-yil oktabr oyida Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati qoidalariga elektrosamokat va skuterlar harakatini tartibga soluvchi o‘zgartirishlarni kiritmoqchi edi. 14 yoshga to‘lmaganlarga ularni boshqarishni taqiqlash taklif qilingandi. Ularda piyodalar yo‘laklarida 6 km/soat, yo‘llarda esa 20 km/soat tezlikda harakatlanish taklif qilingandi.