Toshkent shahrida aholi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari tarifi 2023−2024-yilgi isitish mavsumi tugagandan so‘ng oshiriladi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent xabar qildi.

Qayd etilishicha, o‘sish elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari, shuningdek, issiqlik ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun sotib olingan issiqlik energiyasi narxlarining oshishi bilan bog‘liq.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2024-yil 8-fevraldagi 97-sessiyasida “Veolia Energy Tashkent” MCHJ XK tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p qavatli turar-joy binolarida yashovchi aholi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Aholiga issiqlik ta’minoti va issiq suv ta’minoti xizmatlari uchun yangi chakana tarif 15 foiz o‘sib, 2019-yildan beri amalda bo‘lgan 91 960 so‘m/Gkal o‘rniga 105 754 so‘m/Gkalni tashkil etadi. Bunda narxlar quyidagicha o‘zgaradi:

veolia energy tashkent, issiq suv, issiqlik ta’minoti

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, yangi tariflar 2023−2024 kuz-qish mavsumi (isitish mavsumi) rasmiy yakunlangan kundan bir kun o‘tib kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-sonli Qarorining 95-bandiga muvofiq, iste’molchi issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun avans to‘lovlarini (oldindan to‘lovlarni) amalga oshirganda, yetkazib beruvchi (Veolia Energy Tashkent) to‘lov vaqtida amal qilgan tariflar bo‘yicha (avans to‘lovlari muddati uchun, lekin 12 oydan oshmagan) hisob-kitob qiladi.

Yuridik shaxslar va budjet tashkilotlari uchun 2023-yil 2-dekabrdan kuchga kirgan tariflar o‘zgarishsiz qoldi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yakuniga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflari 1,5 baravarga, budjet muassasalari uchun esa 1,6 barobarga oshgandi. O‘shanda aholi uchun tarif o‘zgarishsiz qolgandi, Veolia Energy kompaniyasining issiqlik ta’minoti uchun bazaviy tarifi 67,3 foizga — 664 465 so‘mga oshgan.

Poytaxt budjeti barcha xarajatlarining to‘rtdan bir qismi aholi uchun pasaytirilgan tariflardan foydalanish natijasida issiqlik ta’minoti korxonalarining yo‘qotishlarini qoplashga yo‘naltiriladi. 2024-yilda buning uchun 1,97 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan, bu 2023-yil prognozidan (1,6 trillion so‘m) 22,8 foizga ko‘p.