Toshkent shahri prokurori Erkin Yuldashev poytaxt aholisiga yo‘l harakati xavfsizligi masalalari bo‘yicha murojaat qildi. U “Toshkent” telekanalida namoyish etildi (video quyida).

Erkin Yuldashev shaharda avtotransportlar sonining ko‘payishi, yo‘l infratuzilmasining mukammal emasligi tufayli Toshkent shahri hokimligi va prokuraturasi boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ularni hal etish borasida ish olib borayotgan qator muammolar mavjudligini ta’kidladi.

Yo‘l harakatini yaxshilash uchun matematik makromodel ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqich hayotga joriy etilmoqda, bu vaqt va qo‘shimcha choralarni talab etadi, dedi prokuror.

Shu bilan birga, u shaharda kechiktirib bo‘lmaydigan bir qator ishlar, xususan, shahar markazidagi asosiy tirbandliklarni tezkor choralar bilan bartaraf etish, shaharning ichki yo‘llaridagi transportni saqlash bilan bog‘liq vaziyatni tartibga solish, yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq masalalarni yanada mukammallashtirish choralari amalga oshirilayotganini aytdi.

Haydovchi va piyodalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga rioya qilish holati qoniqarsiz ekanini va bu masala anchagina jiddiy e’tibor talab etayotganini ta’kidladi.

U o‘tgan yil davomida poytaxtda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, o‘lim va jarohatlanganlar haqidagi statistik ma’lumotlarni keltirdi. Yo‘l-transport hodisalari faktlari bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan 326 taga ko‘paydi, dedi prokuror.

YTHlarda 95 kishi halok bo‘lgan, ulardan 10 nafari bolalar. 1248 kishi jarohatlangan, ulardan 10 nafari doimiy nogiron bo‘lib qolgan. Jarohatlanganlar orasida 235 nafar bola bor, dedi u.

Yil davomida 4 ming 384 ta avtomobilni mast holda boshqarish holati aniqlangan. Xususan, 26 ta og‘ir yo‘l-transport hodisasi oqibatida odamlar halok bo‘lgan, dedi shahar prokurori.

“Biz birovlarning hayotiga anchagina befarq bo‘lib qolgandaymiz. O‘zbekchilikda bor, yo‘l ustida avtohalokat ko‘rsak, qaraymizda, falokatda, deb o‘tib ketamiz. Lekin u bir so‘z bilan ta’rif qilinadigan narsami? Nega bu masalaga shu darajada ko‘nikib ketdik?” — deya savol qo‘ydi Erkin Yo‘ldoshev.

Yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari sifatida belgilangan tezlik me’yorini buzish, svetoforga e’tibor bermaslik, oraliq masofa saqlamaslik, piyodalarga yo‘l bermaslik, quvib o‘tish qoidalarini buzish, transport vositalarini spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar ta’sirida boshqarish, voyaga yetmaganlarga transport vositalarini berib qo‘yish kabilarni keltirdi. “Ko‘rib turganingizdek, hammasining sababi bor. Oddiygina falokat emas bu”, — dedi prokuror.

Yo‘l-transport hodisalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan 1343 ta jinoyat ishining 348 tasini 18−25 yoshdagi haydovchilar sodir etgan, dedi Erkin Yo‘ldoshev. “Ha, umid bilan ularning oyog‘i ostiga transport beramiz, ularni avtomashina ruliga o‘tqazamiz, lekin ulardan ham qandaydir mas’uliyat talab etishimiz zarur”, — deya shikoyat qildi u.

Yil davomida transport vositasini boshqarish vaqtida yonida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan 1417 nafar shaxs aniqlangan.

“Afsus, hech qachon halokatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmaymiz. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlamaymiz, hamisha ko‘chaga shoshib chiqamiz, yarim soatlik yo‘lga 15 daqiqada borgimiz keladi, 5 daqiqalik yo‘lga 3 daqiqada yetib boramiz. Buning orqasida esa odamlarning umriga zomin bo‘lishimiz, kimlarningdir hayotini bor-yo‘g‘i 3 daqiqada butunlay izdan chiqarib yuborishimizni hech qachon ko‘nglimizdan o‘tkazmaymiz. Sabr degan tushunchaning mohiyatini anglamaymiz. Ko‘chaga chiqib ketayotgan farzandimizga bu haqda tayinlamaymiz. Biz har kuni ertalab ularni ko‘chaga chiqarayotganimizda duo beramiz, shu duoning ichida atigi 30 soniyasida „farzandim, yo‘lda o‘zingni to‘g‘ri tutgin, atrofingga jabr keltirma“, degan duoni qilish shunchalik murakkabmi? Har kuni nega odatiy qoidaga aylantirmaymiz?” — deya so‘radi prokuror. Ushbu masalada oiladagi va maktabdagi xulq orasida ham uzilish bo‘layotganiga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, yil davomida tezlikni oshirib yuborish oqibatida 282 ta YTH sodir bo‘lgan.

Yo‘lda harakatlanganda haydovchilarning bir-biriga yo‘l bermasligi, quvib o‘tishi, yo‘l talashishi kabi holatlar, qaltis harakatlar sabab ham nafaqat mudhish YTHlar, balki oxiri o‘lim bilan tugaydigan janjallar yuzaga kelmoqda, dedi prokuror. Xususan, yil davomida yo‘l talashish oqibatida bir-biriga tan jarohati yetkazishgacha borgan hodisalar yuzasidan 33 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Insonlar o‘rtasidagi munosabatlarni pichoq bilan hal qiladigan millat darajasiga yetdikmi?” — dedi Erkin Yuldashev.

Uning ta’kidlashicha, ba’zi haydovchilarning yo‘l-patrul xizmati xodimlariga bo‘ysunmayotgani, haqorat qilish, hatto qo‘l ko‘tarishgacha borgan holatlarning videotasvirlari ko‘p uchramoqda. “Yo‘lda harakat xavfsizligini ta’minlashga ularni mas’ul qilib siz qo‘ygansiz. Davlatni idora qilishning, boshqarishning mana shunday mexanizmi sizning irodangiz orqasidan yo‘lga qo‘yilgan. Lekin mas’ul xodimlarning bunday ko‘yga solinishi behurmatlik, osoyishta hayotga raxna solish, deb baholanadi”, — dedi prokuror.

Poytaxt prokuraturasi rahbari haydovchilarning shaharda kamera va fotoradarlar ko‘payganidan noroziligiga ham to‘xtaldi. “Vaholanki, ular haydovchilarning o‘zini tiyib ulovini boshqarishga hissa qo‘shsin, deb qo‘yiladi. Aks holda, YTHlarning mudhish soni yanada ortib ketgan bo‘lardi”, — dedi u.

“Agar kameralar va radarlar YTHlarga butunlay nuqta qo‘ysa, biz ularning sonini yana ham oshiramiz, bunga tayyormiz. Lekin bu bilan transport halokatlari sonini kamaytirib bo‘lmaydi”, — deya tan oldi prokuror.

Shu bilan birga, mutasaddi idoralar kamera va radarlarning qonun talablari asosida ishlashini nazorat qilishga jiddiy yondashayotganini qayd etdi.

Video