Energetika vazirligi issiqlik stansiyalari va issiqlik markazlarida mazutdan foydalanishning Toshkentdagi havo ifloslanishi bilan bog‘liqligini rad etdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida (ToshGRES) yanvar oyida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, havo va tuproqqa yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard so‘mni tashkil etgan edi. IES asosiy yoqilg‘i sifatida gazdan foydalanadi, lekin ba’zida mazut yoqadi, deb xabar qilgandi o‘shanda Ekologiya vazirligi. Bundan tashqari, chiqindilarni tozalash tizimi mavjud emasligi ham aniqlangan.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent viloyati va poytaxtda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga qarashli 11 ta issiqlik elektr stansiyasi va issiqlik markazlari mavjud. Ulardan 6 tasida (Toshkent IES Toshkent viloyati hududida joylashgan, 3−5, 9−10 IEMlari Toshkent shahrida) kunning tig‘iz, tabiiy gaz ta’minotida bosim pasaygan paytlarida mazut aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash uchun zaxira yoqilg‘isi sifatida ishlatiladi.

Mazut yoqilg‘isining ishlatilish jarayoni esa qonunchilikda belgilangan tarzda barcha mas’ul idoralar, xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan ham kelishilgan tartibda yo‘lga qo‘yilgan, deya xabar beradi Energetika vazirligi.

“Stansiyada mazut yoqilishi natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqishini kamaytirish maqsadida belgilangan texnik parametrlarga mos keluvchi filtrlar o‘rnatilgan. Kelgusida barcha issiqlik elektr stansiyalariga yoqilg‘idan chiqayotgan zararli moddalarni 95 foizgacha kamaytirib beradigan qo‘shimcha filtrlarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatda mazut yoqish texnologiyasi va undan chiqadigan zararli moddalarning hisob-kitoblari mavjud. Korxonada havoga tashlanayotgan moddalar mana shu hujjatda belgilangan talablardan hech qachon oshmagan, deya ta’kidladi Energetika vazirligi.

Vazirlikning qayd etishicha, Ekologiya vazirligining Toshkent IES haqidagi murojaati e’lon qilingan 2-fevral kuni korxonalarda mazutning maksimal sarfi sutkasiga 5017 tonnani tashkil qilgan. O‘sha kuni Toshkent havosidagi mayda PM2,5 zarrachalarining miqdori 35,1 mkg/m3 ni tashkil etib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan (5 mkg/m3) 7 barobar oshib ketgan.

Bugun, 13-fevral kuni ushbu korxonalarda soat 16:00 ga qadar 600 tonna mazut yoqilgan. Shunga qaramay, soat 14:10 holatiga ko‘ra, PM2,5 miqdori 162 mkg/m3 ga yetdi, bu JSST tavsiyalaridan 32,4 baravar ortiq. Shu sababli Toshkent IQAir reytingida havo ifloslanishi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

“Bu esa poytaxt havosining ifloslanishida mazutning zarracha ham hissasi yo‘qligini, issiqlik elektr stansiyalarida ushbu yoqilg‘i Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishilgan me’yoriy talablar asosida yoqilayotganini yana bir karra isbotlaydi”, — deyiladi xabarda.

“Atrof-muhitni asrash masalasi esa barchamizning, jumladan, Energetika vazirligi tizim tashkilotlari, issiqlik elektr stansiyalari oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Bu borada so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar hamda tashvishlar bizni ham o‘z ishimizga yanada mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga da’vat qiladi. Shuning uchun birgina Toshkent IESda havoga tashlanayotgan moddalar zararini kamaytirish, ekologik muvozanatni saqlash maqsadida 2023-yil davomida 10 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekildi. Va bu kabi ishlar bugun barcha yoqilg‘i-energetika korxonalari tomonidan izchil olib borilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Ekologiya vazirligi issiqlik stansiyalari tomonidan mazut yoqilishini poytaxt havosining ifloslanish sabablaridan biri sifatida keltirgan edi. Shu bilan birga, vazirlik ko‘mir bilan ishlaydigan issiqxonalar va issiqlik elektr stansiyalari, sanoatning o‘sishi, avtomobillar soni, Ai-80 benzinidan foydalanish, daraxtlarning kesilishi, qurilish ishlari va boshqa omillarni ham qayd etgan.