Ozarbayjon va Armaniston bir-birini chegara hududlarini o‘qqa tutishda aybladi. Tegishli bayonotlar ikki davlat Mudofaa vazirliklari matbuot xizmatlari tomonidan e’lon qilindi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, 12-fevral kuni soat 20:50 va 23:40 da Armaniston qurolli kuchlari Tovuz viloyatining Koxanabi aholi punkti yo‘nalishida Ozarbayjon qo‘shinlarining pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.

Ozarbayjon TIV ma’lumotlariga ko‘ra, chegara xizmati askari yaralangan. Bunda arman tomonining harakatlariga “provokatsiya” deb qaralmoqda.

Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon hududi o‘qqa tutilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 13-fevral kuni erta tongda Ozarbayjon Qurolli kuchlari Nerkin Hand (Syunik viloyati) hududida armanlarning pozitsiyalariga o‘q uzgan.

O‘qqa tutilish oqibatida to‘rt arman askari halok bo‘ldi, bir nafari yaralandi", — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

  • Ozarbayjon va Armaniston muntazam ravishda bir-birini chegara hududini o‘qqa tutishda ayblaydi. Shu bilan birga, Bloomberg`ning ta’kidlashicha, bu Ozarbayjonning 2023-yil sentabr oyida Tog‘li Qorabog‘da o‘tkazgan harbiy amaliyotidan buyon ikki davlat o‘rtasidagi eng jiddiy chegara to‘qnashuvi bo‘ldi, shundan so‘ng mintaqa Ozarbayjon tomonining to‘liq nazoratiga qaytdi.