Milliy gvardiya hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktablarda davomat muammosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus ishchi guruhi tuzildi.

Bu haqdagi xabardan so‘ng internetda Milliy gvardiya xodimlarining maktablarga borib, ota-onalar va o‘qituvchilarga ogohlantirish xatlari jo‘natayotgani, sinflarda telefondan foydalanishni taqiqlayotgani hamda o‘qituvchilarga sinfdagi o‘quvchilar darsida qatnashmayotgani uchun javobgarlik borligini aytayotgani aks etgan foto va videolar paydo bo‘ldi.

Videolardan birida Milliy gvardiya xodimi shunday deydi: “Telefon o‘ynab, internet o‘ynab o‘tiradiganlar diqqatiga: Bugundan boshlab sinfga hech qanaqa telefon olib kirilmaydi. Hamma telefon o‘qituvchilarda qoladi… Ertaga kelib, biz o‘tiramiz. Har kuni davomat [bo‘ladi]. Soat 8:00 dan kirish to‘xtatiladi, 8:10 da hamma darsda o‘tirgan bo‘lishi kerak. [O‘quvchi] ikkinchi soatga keldimi, o‘qituvchi jazolanadi. Men [Andijon shahri] hokimi G‘ofurjon G‘ulomovichga [Abdurahmonov] chiqarib yuboraman”.

X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ham maktablardan birining sinf rahbari ovozli xabar yuborib, unda o‘quvchilardan maktabga kechikmasdan soat 7:40 da yetib kelishni so‘ragani haqida yozildi. “Kechga qolganlar bilan Gvardiya gaplasharmush. Gvardiyaga yozma tushuntirish berar ekanmiz. Kecha birinchi sinf bolasini eshik oldida ushlab, ota-onasini chaqirtirishibdi”, — deydi muallif. Bu haqda Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarda ham yozilmoqda. Masalan, Platforma.uz kanali: “Bolalarga qo‘rquv emas, motivatsiya berish lozim”, deb yozgan.

Huquqbuzarlik va dars qoldirish

Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi.

“Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi? Axir Bolalar masalasi bo‘yicha milliy komissiyaga hokimlar mas’ul emasmi? Maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar [vazirligi]dan Milliy gvardiya o‘tkaziladi. Jo‘rayev (Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev — tahr.) ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet”ni yaratish bo‘yicha tizim qiladi”, — dedi davlat rahbari.

Prezident Rustam Jo‘rayevga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan birgalikda “eng og‘ir 1000 ta maktablarda davomatni yaxshilash tajribasini joriy etish” bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasbga yo‘naltirish, tarbiyalash bo‘yicha ota-onalar, mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borish tizimini yaratish ustida ishlaydi.

“Tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan shug‘ullanib, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Agar maktabning ichiga butun xalq, butun jamoat bilan kirmasak, natija bo‘lmaydi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Kim nimaga javob beradi?

Pedagog, “Xalq ta’limi Info” loyihasi asoschisi Ulug‘bek Po‘latovning yozishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda maxsus ishchi guruh tuzilgandan so‘ng Milliy gvardiya xodimlari har kuni maktablarga borib, davomat va o‘quvchilarning bilim olishiga doir masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

“Ammo ba’zi hududlarda Milliy gvardiya vakillari maktab ma’muriyatining ichki ishlariga ham aralashishni boshlab yuborganligi haqida e’tirozlar yetib kelyapti. Murojaatchilarning aytishicha, endi maktab direktori, o‘rinbosari yoki pedagog xodim turli xil yig‘ilish, tadbir, seminar yoki boshqa sabab bilan maktabga kelmaydigan bo‘lsa, ularni javobgarlikka tortish haqida taqdimnoma chiqarilishi mumkin”, — deb yozadi u.

Ya’ni maktab direktori, o‘rinbosari yoki pedagogik jamoasi biron sababga ko‘ra maktabga kelmasa, Milliy gvardiya xodimidan ruxsat so‘rashi kerak, deb yozdi Ulug‘bek Po‘latov.

Ta’lim sohasi bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning ta’kidlashicha, darsga qatnashmaslik muammo, lekin jinoyat emas.

“Muammoning ildizi aksar hollarda yoki maktabdagi ta’lim sifati bilan bog‘liq bo‘ladi (masalan, o‘quvchi bu paytda repetitorda bo‘ladi), yoki oiladagi iqtisodiy, ijtimoiy sabablar tufayli bo‘ladi. Demak, muammoning ildiziga yetish, oqibat emas, sababni hal qilish kerak — bu zinhor Milliy gvardiyaning (yoki boshqa harbiy, yarim harbiy) strukturaning ishi emas, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ishi, agar o‘quvchining maktabga kelmayotgani ortida oila bilan bog‘liq vaziyat bo‘lsa, ijtimoiy himoya organlarining ishi”, — ta’kidladi u.

Shuningdek, Komil Jalilov yaqinda qabul qilingan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda o‘qituvchining kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz tekshirish, o‘qituvchining o‘quvchilar bilimini to‘g‘ri va xolisona baholashiga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek, o‘z xizmat vazifalarini bajarishda unga to‘sqinlik qilish taqiqlanganiga e’tibor qaratdi.

MMTV munosabati

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova prezident bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktab inspektorlari va psixologlar tarkibi Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazilganini eslatdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Maktab vazirligi va Milliy gvardiya mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh a’zolari o‘quvchilarning davomat masalasini “ota-onalar va mahalla faollari bilan hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha” o‘rganish ishlari olib bormoqda.

“Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi maktab o‘qituvchilari va xodimlarining ishga kelib-ketishi yoki boshqa mehnat majburiyatlariga amal qilish jarayonlari vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tartibga solinadi. Pedagoglar faoliyati boshqa tashkilotlar tomonidan nazorat qilinadi, degan mazmunda tarqatilayotgan xabarlar asossiz ekanini ma’lum qilamiz”, — deb yozadi u.

Shuningdek, matbuot kotib “yolg‘on va asossiz mazmundagi xabarlarni tarqatganlik uchun mamlakat qonunchiligiga muvofiq tegishli jazo choralari qo‘llanishini” eslatdi.

Uning izohiga munosabat bildirgan Komil Jalilovning aytishicha, “ota-onaga qo‘rqinchli ogohlantirish xatlari berish orqali, o‘quvchilarni va o‘qituvchilarni formali xodim bilan qo‘rqitish” bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi.

“Maktab — bolani qo‘rqitib, tahdid bilan olib keladigan katorga emas, o‘quvchi uchun xavfsiz, do‘stona muhit bo‘lishi kerak. Shundagina o‘rganish jarayoni ro‘y beradi. Maktabga kelmayotgan o‘quvchilar bilan bola psixologiyasini, bola tilini tushunadigan, bola ishonadigan mutaxassis shug‘ullanishi kerak”, — ta’kidladi u.

Mutaxassis, shuningdek, Milliy gvardiya xodimining darslarda telefondan foydalanishni taqiqlagani va o‘quvchilar darsiga qatnashmagani uchun o‘qituvchilarni jazolash haqida gapirgan gapini eslatdi.

Milliy gvardiya izohi

Milliy gvardiya matbuot xizmati ushbu tashkilot davomat muammosini hal qilishga jalb etilgani sabablarini tushuntirib, vaziyatning jiddiyligi haqida yozdi.

Turli tashkilotlar yillar davomida maktab davomati muammosi bilan shug‘ullangan. Jumladan, 2013-yilda prokurorlar mahalliy hokimliklar, ta’lim muassasalari va boshqa mas’ul idoralar bilan birgalikda bu masalaga javobgar bo‘lgan. Keyinchalik bu muammo bilan profilaktika inspektorlari shug‘ullana boshlagan va Xalq ta’limi, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari tomonidan “Davomat” reydlari o‘tkazilgan.

“Milliy gvardiyaning vazifasi bolalar va ota-onalar bilan maqsadli, shu jumladan, psixologik ish olib borish, „oila — mahalla — maktab“ zanjiridagi barcha bo‘g‘inlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish va nihoyat, bolalarning rivojlanishi va tarbiyasiga hissa qo‘shadigan tadbirlar — ot sporti, kamondan otish, psixologlarning mahorat saboqlari, harbiy texnika ko‘rgazmalari va, umuman, Milliy gvardiya faol o‘tkazadigan va tajriba orttirgan barcha narsalarni tashkil etishdan iborat”, — deyiladi Milliy gvardiya xabarida.

Inspektor-psixologlar va mahalla raislarining ota-onalar va dars qoldirayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlarida bolalarni “burg‘ulash” yoki o‘qituvchilarga bosim o‘tkazishga zarracha ishora yo‘q, deya ta’kidladi tashkilot.

Davomatni nazorat qilish o‘qituvchilarni o‘quvchilarning uylariga borish va ularni o‘qishga ko‘ndirish mas’uliyatidan ozod qiladi, ayniqsa, ota-onalarni boshlang‘ich maktab ta’limi zarurligiga ishontirishga harakat qiladi. Ularning ko‘pchiligi farzandlarini turli xil sharoitlarda maktabga borishlariga ruxsat bermaydi, bahonalar — obyektiv emas, deya Milliy gvardiya vaziyatni tushuntirdi.

Davomatni nazorat qilish orqali Milliy gvardiya bolalarning maktabga bormaslik sabablarini aniqlaydi va mavjud muammolarni bartaraf etish uchun bu haqda tegishli tuzilmalarni xabardor qiladi. Bolalar bilan ichki ishlar vazirligidan o‘tkazilgan professional psixologlar suhbatlashadi. Ularning doimiy ish joyi maktab bo‘lib, u yerda faqat fuqarolik kiyimida bo‘ladi, deya ta’kidladi Milliy gvardiya.

Maktabga bormaslik sabablari juda turlicha, yozdi Milliy gvardiya matbuot xizmati. Masalan, maktablardan birining 8-sinfida 34 kishidan bor-yo‘g‘i 17 nafari darsga kelgan. Farzandlar, ota-onalar, qarindoshlar bilan suhbatdan ma’lum bo‘ldiki, ularning ma’lum bir qismi oilada bola uchun oddiy kiyim (mavsumiy) va jihozlar sotib olish uchun pul yo‘qligi sabab maktabga bormaydi. Bu holatda Milliy gvardiya mahallaga xabar beradi.

Bir viloyatda bola jismoniy tarbiya fani uchun sport formasi yo‘qligi sababli maktabga bormagan. Soqchilar o‘z tashabbusi bilan uni sumka, forma va krossovka bilan ta’minlagan. Boshqa viloyatda uchinchi sinf o‘quvchisini birinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan singlisi bilan Milliy gvardiya xodimlari maktabga olib boradi, chunki ular uzoqda yashaydi va oilada ikki farzandning yo‘lkirasiga pul yo‘q. “Hozir Milliy gvardiya uchun asosiy narsa ana shunday bolalarga yordam berishdir”, — ta’kidladi matbuot xizmati.

“Ba’zi bolalar tadbirkor ota-onalariga yordam berish uchun maktabga bormaydi. Ushbu ota-onalar o‘qishni muhim deb bilishmaydi. Bunday holatlarda ota-onalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlik haqida ogohlantiriladi. Farzandlarini maktabga yuborishdan qat’iyan bosh tortgan ota-onalar jarimaga tortilgan holatlar (hozircha kamdan-kam) bo‘lgan”, — deyiladi tashkilot xabarida.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, maktabda baribir o‘qituvchi yo‘q, deb repetitor yollagan ota-onalar ham bor. Ammo repetitorlar odatda bitta yoki ikkita fandan (ko‘pincha matematika va ingliz tilidan) dars berishadi. O‘qituvchilarning yetishmasligi rasmiylar hal qilmoqchi bo‘lgan haqiqiy muammo hisoblanadi.

“Agar bolalardan biri zo‘ravonlik tufayli maktabga bormasa, bu nazoratga olinadi, psixolog bolalar bilan ishlaydi (jabrlanuvchi ham, zo‘ravonlikni amalga oshirganlar ham, ikkala tomonning ota-onalari ham). Hozircha faqat bir nafar o‘smir darsga kelmaganiga shunday sabab ko‘rsatgan”, — deyiladi Milliy gvardiya xabarida.

“Ko‘pgina viloyatlar va Toshkent shahridagi bozorlarda, shuningdek, dars vaqtida internet-kafelarda gvardiya xodimlari patrul xizmati paytida voyaga yetmaganlarni payqab qolishadi. Ular o‘smirning ismini, yoshini, nima uchun maktabda emasligini aniqlaydi — lekin kuch ishlatmay, juda muloyimlik bilan. Asosiy maqsad ota-onalar bilan bog‘lanish, keyingi harakatlar ota-onalar bilan olib boriladi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

“Ota-onasi ishlashga ketgan, lekin buvisi yoki boshqa qarindoshlari chidash bermayotgan bolalar toifasi ham bor. Nihoyat, shunday bolalar borki, o‘qituvchilar ularni hal qila olmaydi. Bu yerda ish ikki jabhada olib boriladi — ham ota-onalar, ham bolalar bilan”, — deb yozdi Milliy gvardiya.

“Ta’kidlash joizki, har bir vaziyatda qo‘rquv uyg‘otmasdan, balki maktab va o‘qituvchilarga hurmat tuyg‘usini uyg‘otishga qaratilgan o‘ziga xos yondashuv bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Milliy gvardiya o‘qituvchilarni kaltaklash holatlarini eslab.

2021-yil yozida prezident qarori bilan Mehribonlik uylari Milliy gvardiyaga biriktirilgandi. Unga mehribonlik uylaridagi bolalarni ota-onalariga qaytarish, vasiy tayinlash va farzandlikka olishga ko‘maklashish vazifalari yuklangandi.