IQAir xalqaro portali ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir oy ichida Toshkentdagi havo sifati datchiklari soni ikki baravardan ko‘proqqa ko‘paydi.

Havo ifloslanishi masalasi milliy darajaga yetgani sababli ko‘p kompaniya va tashkilotlar datchiklarni sotib olish va o‘rnatishni boshladi. Avvalroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi poytaxt va viloyatlarda kamida 1000 ta datchik o‘rnatish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.

Yangi datchiklar “Gazeta.uz”dan tashqari BMTTD, IMPACT.T, korzinka.uz, Safia va boshqalar tomonidan o‘rnatildi. Ilgari IQAir O‘zgidromet, AQSh elchixonasi, Toshkentdagi Britaniya maktabi va boshqa tashkilotlarning datchiklari ma’lumotlarini taqdim etgan. Bir qator kompaniyalar, jumladan, “Gazeta.uz” qo‘shimcha datchiklar xarid qilishni rejalashtirmoqda.

O‘tgan hafta oxirida Uzum va “Kapitalbank” datchiklarning eng yirik (hozirgi kungacha) tarmog‘i yaratilishi haqida e’lon berdi. Yil oxiriga qadar kompaniyalar barcha hududlarda Uzum Market buyurtmalarini yetkazib berish punktlari va “Kapitalbank” filiallariga jami 50 ta datchik o‘rnatishni maqsad qilmoqda.

Uzum bosh direktori Jasur Jumayevning so‘zlariga qaraganda, butun mamlakat bo‘ylab infratuzilmaga ega kompaniya uchun bu ijtimoiy mas’uliyat masalasi hamdir. Uzum o‘zining asosiy faoliyati bilan bir qatorda ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradi, jumladan, bolalar uchun ONA fondiga xayriya yordami ko‘rsatadi.