2026-yilga qadar Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida og‘ir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatuvchi 50 o‘rinli hududlararo hospis ochiladi. Bu prezidentning 9-fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hospis Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning mavjud quvvatlari doirasida tashkil etiladi. Uni qurish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar viloyat mahalliy budjeti hisobidan, zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.

Hospis faoliyatini tashkil etish va uni saqlash bilan bog‘liq masalalar Samarqand, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahridagi hududlararo hospislar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi, deyiladi hujjatda.

O‘zbekistonda onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash maqsadida reabilitatsiya va palliativ yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini, shuningdek, hospislar tashkil etish prezidentning 2017-yil bahorida qabul qilingan qarorida nazarda tutilgan edi.

Avvalroq “Gazeta.uz” respublikada onkologiya xizmati muammolari, shuningdek, Toshkentda hospis ochilishi kechikayotgani haqida batafsil yozgandi (maqola rus tilida — tahr.).

2022-yilda Toshkent viloyatida O‘zbekistondagi birinchi “Taskin” bolalar hospisi ochilgan.