Davlat xavfsizlik xizmati transport sohasida o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlarida “Toshshahartransxizmat” AJ tizimida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlagani haqida xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev, bosh muhandis Abdujamil Azizov hamda 1 va 8-avtobus saroyi filiallari rahbarlari D.Toshpolatov va Bekzod Ibragimovlar o‘zaro til biriktirib, avtobus saroylaridagi ehtiyot qismlar, yoqilg‘i mahsulotlarini talon-toroj qilish yo‘li bilan davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda iqtisodiy zarar yetkazgan.

Avvalroq faqat Anvar Jo‘rayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani va tergov hibsxonasiga joylashtirilgani xabar qilingandi.

Hozirda DXX Tergov boshqarmasi “Toshshahartransxizmat” AJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Korxona raisi va bosh muhandisi hamda 1 va 8-avtobus saroyi filiallari rahbarlariga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lumot uchun, Anvar Jo‘rayev 2017-yilda “Toshshahartransxizmat” boshqaruvi raisi, shuningdek, Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari etib tayinlangandi. Bungacha u 3- va 2-sonli avtobus saroyi rahbari lavozimlarida ishlagan. 2018-yilda unga poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i, 2019-yilda esa yana TSHTH rahbari vazifasini bajarish yuklatilgan.