O‘zbekistonda 2023-yilda Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 203 nafar shaxs sudlandi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov.

Qayd etilishicha, ularning 59 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 144 kishi esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni olgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan esa jami 8928 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 5229 nafariga jarima jazosi, 3699 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 11-aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan va Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar oiladagi zo‘ravonlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan to‘ldirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2023-yilda shahvoniy shilqimlik aybi bilan 666 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.

Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonunning to‘liq tafsiloti bilan mazkur havola orqali tanishish mumkin.