11-fevral kuni O‘zbekistonning Qatarga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev Doxa shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Qayd etilishicha, 43 yoshli diplomat Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Pekin universitetini tamomlagan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi (PhD) ilmiy darajasiga ega.

Ashraf Xodjayev TIV tizimidagi faoliyatini 2005-yilda referent sifatida boshlagan. O‘tgan yillar davomda u vazirlik markaziy apparatida, shuningdek, Nyu-York shahridagi O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasida va Buyuk Britaniyadagi elchixonada turli lavozimlarda ishlagan.

2018-yildan buyon TIV Iqtisodiy diplomatiya departamenti boshqarma, bosh boshqarma boshlig‘i va direktori bo‘lib faoliyat olib borgan.

Ma’lumot uchun, Ashraf Xodjayev O‘zbekistonning Qatardagi birinchi elchisidir. Elchixona Dohada 2023-yilning dekabida ochilgan. 2023-yil may oyida esa Toshkentda ushbu davlatning diplomatik vakolatxonasi ish boshlagandi.