9-fevral kuni soat 08:30 atrofida Toshkent shahri Chilonzor tumanida Yutong va King Long rusumli avtobuslar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 131-sonli avtobus (King Long) haydovchisi X.D. avtobusni “Chilonzor metrosi” bekatiga to‘xtayotgan vaqtida shu bekatda to‘xtab yo‘lovchi tushirayotgan 99-sonli avtobus (Yutong) bilan yonlama oraliq masofani saqlamagan. Oqibatda 131-avtobusning o‘rta bo‘g‘in qismi oynasi hamda 99-avtobusning chap tomon orqani ko‘rish oynasining korpus qismi bilan bir-biriga tegishi sababli yengil shikastlangan.

To‘qnashuvda tan jarohati olganlar yo‘q. Dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi 99-sonli avtobus haydovchisi T.B aybi bilan sodir etilgan.

Hozirda mazkur YTH Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan, deyiladi xabarda.

Ikki kun avval Yashnobod tumanidagi bekatda ham 28- va 44-sonli avtobuslar to‘qnashib ketgandi. Oqibatda birining o‘rta eshik qismi, boshqasining esa chap tomon orqani ko‘rish oynasi korpus qismi shikastlangan.

Avvalroq Yunusobod tumanidagi bekatlarning birida 51-sonli elektrobus va 2M-sonli King Long avtobusi to‘qnashgandi. Yo‘lovchilar orasida jarohat olganlar yo‘qligi va hodisa yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani xabar qilingan.