O‘zbekistonda 2023-yilning 11-aprelidan boshlab shahvoniy shilqimlik qilish moddasi bilan 666 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 41−1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) va Jinoyat kodeksi 141−3-modda (shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish) bilan to‘ldirildi. (Qonunning to‘liq tafsiloti bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin).

Oliy sudning ma’lum qilishicha, 2023-yilda (amalga kiritilgan kun — 11-apreldan boshlab) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi bilan 666 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning 233 nafariga jarima jazosi, 433 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

Jinoyat kodeksining 141−3-moddasi bilan 48 nafar shaxs sudlanib, ularning 7 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 41 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.