Respublika tez tibbiy yordam markazining avtoparki Jizzakh Auto kompaniyasi tomonidan yig‘ilgan yana 30 ta Volkswagen Caddy avtomashinasi bilan to‘ldirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Avtomobillar tez tibbiy yordam markazining Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm filiallariga mavjud ehtiyojga qarab taqsimlanadi. Natijada tizimdagi bunday avtotransport vositalari soni jami 800 dan oshadi.

Ushbu avtomobillarni yetkazib berish 2021-yil sentabr oyida boshlangan. O‘sha yilning may oyida prezident oktabrga qadar viloyatlarga 1000 ta Volkswagen Caddy avtomobilini yetkazib berishni topshirgan.

O‘tgan yil boshida “103” xizmatda 2938 ta tez tibbiy yordam mashinasi borligi, ulardan 648 tasi yoki 22 foizi yangilanishga muhtojligi ma’lum qilingan. Mashinalarning aksariyati — 2082 tasi Damas bo‘lib, mamlakatda ulardan ushbu maqsadda foydalanish bosqichma-bosqich to‘xtatilmoqda. Shuningdek, xizmatda 244 Hyundai, 228 Ford, 145 Volkswagen Caddy va boshqa avtomobillar mavjud edi.

2023-yil davomida tez tibbiy yordam markaziga jami 685 dona Volkswagen Caddy topshirilgan. Shunday qilib, ushbu rusumdagi tez yordam mashinalarining umumiy soni hozir 800 donadan oshadi.

Mart oyiga qadar hududlarga yana 170 ta mashina yetkazib berish rejalashtirilgan, deyiladi SSV xabarida.