Panorama Airways xususiy aviakompaniyasining ismi oshkor etilmagan amaldori hibsga olindi. Bu haqda 7-fevral kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tomonidan o‘zbekistonliklarni Umra safaridan qaytarish choralarini ko‘rmagan hamda boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy avikompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bosh prokuraturaning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 192−11-moddalari (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Turizm qo‘mitasi Panorama airways xususiy aviakompaniyasi tomonidan parvozlarning kechikishi tufayli o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Umra safaridan qayta olmayotgani yuzasidan bayonot bergandi. Unda xizmatlarni sifatsiz ko‘rsatilganidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga moddiy va ma’naviy zarar sud qarori bilan undirib berilishini eslatib o‘tilgandi.

5-fevral kuni kompaniya 2−4-fevral kunlari 3000 dan ortiq yo‘lovchi uylariga qaytganini ma’lum qildi.

“Biz o‘z reyslarini kutayotgan yo‘lovchilarni tezroq jo‘natishini tashkil etish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni amalga oshirmoqdamiz”, — deyiladi xabarda.

Fevral oyi boshida qo‘mita Umra ziyoratiga jo‘natuvchi FAYZ TOUR TRAVEL, MARYAM TRAVEL-AGENCY, MAHBUB TOUR, RAMAZAN TRAVEL SAYOHAT kompaniyalarini qonunbuzarliklar uchun ogohlantirganini ma’lum qildi. XURMO TRAVEL UMRA kompaniyasining tegishli litsenziyasiz Umra ziyoratini tashkil qilganlik uchun faoliyati 10 kunga to‘xtatildi.

2021-yilda tashkil etilgan Panorama Airways 2022-yil 22-dekabr kuni Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha o‘zining ilk tijoriy parvozini amalga oshirgandi.