Vengriya parlamentining Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasi bo‘yicha ovoz berishi kerak bo‘lgan majlisi hukmron “Fides” partiyasi boykot e’lon qilgani sababli to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Reuters.

Muxolifat partiyalari tashabbusi bilan 5-fevral kuni navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazildi. Ammo yetarlicha parlamentariylar yo‘qligi sababli ovoz berishni bekor qilishga to‘g‘ri keldi. Uchrashuvga NATO davlatlarining bir qancha elchilari, jumladan, AQShning Vengriyadagi elchisi Devid Pressman ham kelgandi.

Keyingi yig‘ilish 26-fevralda, qishki tanaffusdan keyin qonun chiqaruvchi organ yig‘ilishida bo‘lib o‘tishi mumkin, deya aniqlik kiritadi Bloomberg.

Bosh vazir Viktor Orban rahbari bo‘lgan “Fides” partiyasi deputatlari arizani ratifikatsiya qilishlaridan oldin Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson Budapeshtga tashrif buyurishini istashlarini ma’lum qildi. Partiya parlamentda eng ko‘p o‘rinlarga ega.

Vengriya Shimoliy Atlantika alyansidagi Shvetsiya arizasini qabul qilmagan oxirgi davlat bo‘lib qolmoqda. NATO qoidalariga ko‘ra, yangi davlatlar ittifoqqa faqat uning barcha a’zolari roziligi bilan a’zo bo‘lishi mumkin.

G‘arb rasmiylari Budapesht qaroridan hayratda, deb yozadi The Guardian. Shvetsiya 2022-yilda a’zolik uchun ariza berganidan beri Vengriya hech qanday rasmiy e’tiroz bildirmagan, lekin uni ratifikatsiya qilishni kechiktirishda davom etmoqda, deb ta’kidladi nashr.

  • Yanvar oyida Shvetsiyaning NATOga a’zoligi haqidagi qaror Turkiya parlamenti tomonidan uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng ma’qullangan edi. Shundan so‘ng Orban Vengriya hukumatiga Shvetsiyaning alyansga a’zoligini “eng tez fursatlarda” ratifikatsiya qilishni tavsiya qilgandi.
  • Shvetsiya va Finlyandiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida 2022-yil may oyi o‘rtalarida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Bungacha ikkala davlat ham harbiy ittifoqlarga qo‘shilishdan qochgan. Finlyandiya 2023-yil aprel oyida alyansga a’zo bo‘lgandi.