Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda mamlakatdagi 8 ta zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yo‘lovchi va yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilmoqda. Yana 2 mingdan ziyod korxonada kooperatsiya asosida butlovchi va ehtiyot qismlar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda.

Prezident yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi doirasida BYD kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lib, ushbu kompaniya bilan birgalikda Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish loyihasini ishga tushirgan edi. Uchrashuvda tomonlar yaqin kelajakda ishlab chiqarish quvvatini 500 ming donaga yetkazishga kelishib olgan. Prezident kompaniyaning O‘zbekistonda BYD elektrobuslarini yig‘ish rejasini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Oxirgi uch yilda O‘zbekistonda elektromobillar savdosi 10 barobar ko‘paygan. 2023-yilda import qilingan avtomobillarning 35 foizini elektromobil va gibridlar tashkil qilgan.

“O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Rozukulov. Foto: Prezident matbuot xizmati.“O‘zavtosanoat” rahbari Ulug‘bek Rozukulov. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shu bois prezident elektromobillar sanoati bo‘yicha avval belgilangan rejalarni kengaytirish, loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. U BYD kompaniyasi hamkorlarini jalb qilib, elektromobillar uchun butlovchi qismlarni o‘zlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Turin politexnika instituti, muhandislik markazlari, ilmiy institutlar va laboratoriyalarni o‘zaro bog‘laydigan yaxlit tizim yaratish vazifasini ham qo‘ydi.

Ushbu sohaning rivojlanishi bilan mutaxassislar va ishchilarga talab ortishi kutilmoqda, keyingi uch yilda bu talab 10 ming kishiga yetishi mumkin. Shu bois davlat rahbari malakali kadrlar tayyorlashni hozirdan boshlash zarurligini ta’kidladi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi 2023-yilning yanvar oyida mos ravishda 60 foiz va 40 foiz ulush bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha BYD Uzbekistan Factory korxonasini tashkil qilgan edi. Kompaniyaning ustav kapitali 55 milliard dollarni tashkil etadi.