Tapil Ravshanovich Mahamadziyayev 6-fevral kuni Toshkent shahri Bektemir tumani hokimi lavozimidan ozod etildi. Bu o‘zgarish poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning qarorida keltirib o‘tilgan.

Mahamadziyayev 1976-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. U Bektemir tumaniga 2021-yil 15-iyundan buyon hokimlik qilib kelayotgandi.

Hokimlikka rahbar bo‘lishdan ilgari FVV Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi hamda fuqaro muhofazasining tashkiliy ta’minoti va rejalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 16-yanvar kuni bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan 8 ta tuman hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirilgandi. Ular orasida Bektemir tumani rahbari nomi ham keltirilgandi.

O‘z navbatida, Bektemir hokimi vazifasini vaqtincha bajarish tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Fathulla Нигмановга yuklatildi.