Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev YouTube`dagi “Lolazor” podkastida hokimlikdan ketgani sabablari va bu unga qanday ta’sir qilgani, prezident qarorlarini muhokama qilmasligi va boshqa masalarlarda gapirdi.

Ortiqxo‘jayev hokimlik faoliyati haqida gapirarkan, bu vaqt davomida ko‘p xatolar qilgani, bularni ketganidan keyin anglab yetganini ta’kidladi.

“Avvalombor, hokimlikka qo‘yish ham, olish ham prezidentimiz ixtiyorlarida. Men hurmatli prezidentimizdan nimaga hokim qilib qo‘ydingiz, deb so‘ramaganman va nimaga meni ketkazib yuboribdi ekanlar, deb ham shubha qilgan emasman. So‘ramadimmi, shubha ham qilganim yo‘q. Lekin, to‘g‘risini aytaman, juda ko‘p kamchiliklarim bo‘ldi, ko‘p xatolar ham qildim, chunki men oldin siyosatda ishlagan emasman, davlat idoralarida umuman ishlamaganman. Men biznesdan keldim, qo‘limdan kelganicha qandaydir mehnat qildim, ishlashga harakat qildim, lekin xatoliklarim ko‘p bo‘ldi. Hech bo‘lmaganda, shu xatoliklarni qilmasam ham, imkoniyatim bor edi. Buni ketganimdan keyin bildim”, — dedi u.

Sobiq hokim, shuningdek, ishdan olinishiga faqat energiya masalasi emas, boshqa masalalalar ham sabab bo‘lganini aytdi.

“Hurmatli prezidentimizning o‘zlaridan ham uzrimni so‘radim. Xatolik bo‘ldi. Xatolik faqat o‘sha energiya masalasida emas, boshqa masalalarda ham. Shu sababdan ketgan bo‘lsam kerak. To‘g‘risini aytaman, men hurmatli prezidentni nafaqat men bilan bo‘lgan, balki boshqa qarorlarini ham muhokama qilmayman. Menga shunaqa o‘rgatishgan. Ruxsat bersangiz, Qur’onda Niso surasining 59-oyati bor: „O‘z ichingdan chiqqan ishboshlarga itoat qil“, degan joyi bor. Men prezidentimizga itoatdaman, uni o‘ylab o‘tirishga ham, muhokama qilishga ham haqqim yo‘q. Qancha umrim bo‘lsa, shuncha itoatda bo‘laman”, — dedi Ortiqxo‘jayev.

U, bundan tashqari, ishdan olinganidan keyin siqilmaganini, har narsaning xayrlisi bo‘lishini va hokimlikdan ketganidan so‘ng siyosatni ham sog‘inmaganini ta’kidladi.

“Hozir ish yaxshi ketyapti. Agar unga o‘xshagan joylar [hokimlik mansabi]dan ketsangiz, atrofingizda hech kimingiz, boshqa ishingiz va borib keladigan joyingiz bo‘lmasa, amaldan ketish odamlar uchun o‘limga teng, balki. Lekin mening boradigan joyim, boshqa loyihalarim bor. Mana, prezidentimiz topshirig‘i bilan Surxondaryoda quruq port ishga tushiramiz, masalan. Bekor o‘tirganim yo‘q, o‘ylashga ham vaqtim yo‘q. Umuman, prezident aytdimi, qilaman. Qaniydi, hamma bir yoqadan bosh chiqarib, amalga oshirsa, aravani hamma har qayerga tortmasa, oshmaydigan loyihalar ham amalga oshib ketadi. Biz buni hayotimiz, ishxonamiz, tajribamiz, o‘zimning bizneslarimda ham ko‘rganman. Shuning uchun men ko‘p gapirmay, nima qarorlari chiqsa, jonim fido ishlayman. Biz soldatmiz, biz fuqaromiz”, — dedi u.

Ortiqxo‘jayev hokimlikdan olinganidan so‘ng Turkiyaga qochib ketayotganida aeroportda to‘xtatib qolingani aytilgan xabarlarga munosabat bildirarkan, bunday ishlar bo‘lmagani, ushlab qolinmaganini aytdi.

“O‘zi ruxsat bor edi, 3−4 kundan keyin hujjatlarni topshirib, bola-chaqam bilan dam olgani Turkiyaga ketdim. U yerdan keyin Singapurga bordim”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018-yilning dekabridan 2023-yilning 16-yanvarigacha — poytaxtdagi energetika inqirozi fonida prezident tomonidan ishdan bo‘shatilguniga qadar Toshkent shahri hokimligini boshqargan.