Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam berishga kelishib oldi. Bu haqda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ma’lum qildi. Yordam mamlakatning 2024−2027-yillardagi ehtiyojlarini qoplashi kerak.

“Barcha 27 ta davlat rahbarlari Ukrainaga YeI budjeti doirasida qo‘shimcha 50 milliardlik yordam paketi ajratish bo‘yicha kelishib oldi. Bu Ukraina uchun doimiy, uzoq muddatli va taxmin qilish mumkin bo‘lgan moliyalashni ta’minlaydi”, — deb yozgan Mishel.

“YeI Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda yetakchilik va mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Biz nima xavf ostida turganini bilamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy YeI qaroriga munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, “YeIning Ukrainaga moliyaviy yordamini davom ettirishi bizning uzoq muddatli iqtisodiy va moliyaviy barqarorligimizni mustahkamlaydi, bu harbiy qo‘llov va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bosimidan kamroq ahamiyatga ega yordam emas”.

“Bu qaror barcha 27 yetakchi tomonidan qabul qilingani juda muhim. Bu Yevroittifoq qudratli birlik ekanini yana bir bor isbotlaydi”, — dedi Ukraina rahbari.

YeI Ukrainaga yordam paketini 2023-yil dekabrida tasdiqlashi kerak edi, biroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban unga veto qo‘ygan. Bundan avval u Kiyev bilan Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga ham qarshi chiqqan edi.

1-fevraldagi sammit oldidan Orban agar mablag‘ har yili barcha ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullansa, Ukrainaga mablag‘ ajratishga rozi bo‘lishga tayyorligini aytgan.

Foto: European Union.Foto: European Union.

Reuters agentligining yozishicha, sammit oldidan YeI yetakchilari Orbanga bosimni kuchaytirib, undan “Rossiyaga qarshi urush tug‘dirayotgan ekzistensial muammoda bir tomonni tanlashni” so‘rashgan.

Agentlik yevropalik diplomatlarga tayangan holda YeI murosa sifatida paketni va uni qayta ko‘rib chiqish masalasini har yili muhokama qilishga rozi bo‘lganini, biroq bu Vengriyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga to‘sqinlik qilish huquqisiz amalga oshirilishini ta’kidladi.