2023-yilda O‘zbekistonda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, bu 2022-yilga (3116 nafar) nisbatan 14,7 foizga ko‘p, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Hukm chiqarilgan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari soni 3412 tani tashkil etdi yoki 2022-yilga nisbatan (2965 ta) deyarli 15,1 foizga ko‘paydi.

Sudlanganlarning 49 tasi (2022-yilda 110 tasi) vazirlik, idora va tashkilotlarning respublika, 267 (264) tasi viloyat va 3259 (2742 tasi) tuman (shahar) bo‘linmalari xodimlaridir.

Mansabdor shaxslar quyidagi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan:

  • o‘zganing mulkini o‘g‘irlash yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — 2205 (2022-yilda — 2103);
  • mansab vakolatini suiiste’mol qilish — 397 (265);
  • firibgarlik — 272 (243);
  • poraxo‘rlik — 195 (169);
  • mansab soxtakorligi — 36 (51);
  • mansabga sovuqqonlik bilan qarash — 25 (22);
  • vakolatidan chetga chiqish — 30 (14);
  • boshqa jinoyatlar — 415 (249).

Lavozim jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga, hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,546 trillion so‘m (2022-yilda — 1,12 trillion so‘m) miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lsa, dastlabki tergov jarayonida 1,31 trillion so‘m (847 milliard so‘m) undirilgan. Qoplangan zarar ulushi 84,7 foizni tashkil etdi (2022-yilda — 83,6 foiz).