Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Bu haqda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasida qayd etilgan.

Shuningdek, loyihaga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahar) sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi hamda buning doirasida maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablag‘ ajratilib, 5 — 11-sinf o‘quvchilari tanloviga ko‘ra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanadi.
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini menejerlik sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, direktorlarga malakaviy talablar aniq belgilanib, ular har besh yilda bir marotaba attestatsiyadan o‘tkazilsin.

Yuqoridagilarni “to‘liq, sifatli va so‘zsiz” bajarilishi uchun mas’ul etib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (Xilola Umarova) belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan 2025-yil 1-yanvarga qadar chet tili fanidan kamida S1 darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lgan maktabdagi pedagog kadrlarga har oylik ustama 50 foiz miqdorida to‘lanishi joriy etilgandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistondagi kasb-hunar maktabi, kollej, texnikum va akademik litseylarning C1 sertifikatiga ega o‘qituvchilariga ham 50 foiz ustama berilishi yo‘lga qo‘yilgan.