Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni uy-joy va kommunal xo‘jaligi, qurilish, transport va ekologiya sohalaridagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu yo‘nalishlar bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov kompleksiga kiradi.

“Ochiq aytish kerakki, odamlarimiz norozi bo‘lib eng ko‘p murojaat qiladigan soha nima desa, bu Ramatovning kompleksi. 2023-yilda 380 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan”, — dedi prezident (iqtibos O‘zbekiston 24 telekanalidan olindi).

Uning aytishicha, Achilbay Ramatov kompleksiga 3 ta vazirlik va idoralar, 3 ta inspeksiya, 5 ta korxona, 11 ta rahbar, 41 ta o‘rinbosar, 12 mingta boshqaruv xodimi, shuningdek, hududlar hokimlarining 224 ta qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, poytaxt va viloyat hokimlarinig qurilish va kommunal xo‘jaligiga mas’ul o‘rinbosarlari kiradi.

Bundan tashqari, har bir vazirlik tarkibida 1000 dan ortiq xodim ishlaydigan va yirik davlat korxonalarining xo‘jalik faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan alohida tuzilmalar mavjud.

“Shuncha xodim bor, lekin qani natija, degan savol, albatta, meni qiynaydi, sizlarni ham qiynashi kerak”, — dedi davlat rahbari.

ачилбай раматов, daвронжон адилов, илҳом маҳкамов, шавкат мирзиёев, шерзод хидоятов

Shavkat Mirziyoyev qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Xidoyatov va vazir o‘rinbosari Davronjon Odilovning qurilish sohasiga zamonaviy standartlarni joriy etish borasidagi “katta va’dalari”ni eslatdi. Ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda 105 ta eskirgan (66 foiz) qurilish normalarini yangilash bo‘yicha topshiriq berdi.

Qurilishdagi mavjud sharoit loyihachilarni “soya”da ishlashga, obyektlar narxini ko‘tarishga majbur qilmoqda, korrupsiya esa loyihalashtirish, tenderlar o‘tkazish, obyektlarni qurish va qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarga tarqaldi, dedi prezident. Endilikda “resurs” usuli o‘rniga “hajm” usuli joriy etiladi.

Davlat rahbari ko‘chalarning bir xil ko‘rinishiga rioya etilishini nazorat qiluvchi tizim mavjud emasligi, shuningdek, uylar atrofida avtoturargohlar o‘rnatish holatlari ko‘payib borayotganini ta’kidladi. Noqonuniy binolarni tartibga solish bo‘yicha komissiya tuzish, shuningdek, 470 ta shahar va aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish haqida topshiriq berdi.

“Ichimlik suvi tannarxi va tarmoqlarda yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha oldinga siljish bo‘lmayapti, soha haligacha birorta xususiy sektor uchun yopiq”, — dedi prezident.

Aholini ichimlik suvi bilan qamrab olishni kengaytirish yuzasidan tizim rahbarlariga qator vazifalar yuklatildi. Tajriba tariqasida 5 ta shahar — Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida suv ta’minoti sohasiga xususiy sheriklar jalb qilinadi.

Viloyat hokimlariga joriy yilda eski nasoslarni yangilashni boshlash, kamida 1000 ta nasosni tejamkor nasoslarga almashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev transport vaziri Ilhom Mahkamov va uning o‘rinbosari Jasurbek Choriyevga murojaat qilib, yil davomida O‘zbekistonga 28 ta samolyot olib kelingani, biroq ularning soni ichki reyslardagi talabdan 3−4 barobar kamligini aytdi.

ачилбай раматов, daвронжон адилов, илҳом маҳкамов, шавкат мирзиёев, шерзод хидоятов

Toshkentga 1000 ga yaqin avtobus keltirildi, lekin tirbandlik masalasi haligacha hal etilmagan, dedi prezident. U transport vaziri Ilhom Mahkamov, uning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov (jamoat transporti uchun mas’ul), IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari — Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidov va “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi raisi Anvar Jo‘rayevga tanbeh va yakuniy ogohlantirish berdi.

Avtobuslar bilan 100 ga yaqin „avariya“ sodir bo‘lganiga kim javob beradi?” — deb so‘radi davlat rahbari.

“Jamoat transporti qamrovi bor-yo‘g‘i 25 foiz ekani — tizimga berilgan baho”, — dedi u.

Prezident mamlakat hududlariga yetkazib berilishi belgilangan avtobuslar haligacha yetib kelmaganini tanqid qildi. Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida brutto shartnomalarga o‘tish bo‘yicha ishlar yakuniga yetmagan.