Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida 17 yoshli qizni turmush qurishga undab, tazyiq va ruhiy bosim o‘tkazgan yigit qamaldi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova.

Avvalroq qiz M.M. turmushga chiqishga majburlangach, bolalar ombudsmaniga murojaat qilgani, u ombudsmandan avval o‘qishini tugatmoqchi ekanini aytib, yordam so‘ragani xabar qilingandi. Qizga himoya orderi berilgan, ota-onasi esa majburiy nikoh uchun javobgarlik borligidan ogohlantirilgan.

Biroq 29-yanvar kuni u bolalar ombudsmaniga takroran murojaat qilib, himoya orderi berilgan bo‘lsa-da, O.B. (yigit) unga tazyiq va ruhiy bosim qilishni davom etayotganini bayon etgan. O‘sha kuni O.B. bunday harakatlari uchun ma’muriy tartibda ushlangan.

30-yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206−1-moddasi (Tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik) bilan 10 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan.