Huquq-tartibot idoralari tomonidan O‘rmon xo‘jaligi agentligi huzuridagi “O‘rmonqurilish” davlat unitar korxonasi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi mansabdor shaxslari qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur tashkilotlarda Farg‘ona viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorning arizasi asosida tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, mazkur tashkilotlar mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, tadbirkordan qurilish loyihalari bo‘yicha pudrat shartnomalarini rasmiylashtirish evaziga 43 ming dollar va 111,5 million so‘m pul undirgan. Qayd etilishicha, ular bu pulni pora tariqasida olgan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“O‘rmonqurilish” DUK hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Bosh prokuraturaga murojaat qilish so‘ralgan.