Toshkent shahrida 11-yo‘nalishda harakatlanayotgan King Long avtobusi 31-yanvar kuni ertalab yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Bu bo‘yicha video va suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Hodisa Uchtepa tumanidagi 18-avtobus saroyi oldida sodir bo‘lgan. 2022-yil dekabr oyida prezident ushbu parkka tashrif buyurgan, shundan so‘ng poytaxt uchun katta sig‘imli avtobuslar xarid qilingandi.

Yog‘ingarchiliklar ko‘p bo‘lgani sababli yo‘l qoplamasi cho‘kib qolgan. Avtobus sirg‘anib ketishi oqibatida haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi qiyalikka mashinaning orqa qismi tushib ketgan.

Hodisa vaqtida avtobusda yo‘lovchilar bo‘lmagan. Qurbonlar yo‘q. “Toshshahartransxizmat” kompaniyasining bildirishicha, avtobusga shikast yetmagan.

Foto: “Toshshahartransxizmat”.Foto: “Toshshahartransxizmat”.

Avtobus maxsus texnika yordamida chiqarib olingan. Videoda jarayon paytida ko‘p sonli erkaklar avtobusni itarib chiqarishga yordam berganini ko‘rish mumkin.

Avtomobil yo‘nanishga qaytdi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda, deyiladi xabarda.