4-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumani sudi poytaxtda piyodani urib yuborgan Captiva avtomashinasi haydovchisi J.M.ga (sud qarorida ismi va yoshi yashirilgan) nisbatan hukm chiqardi.

“Gazeta.uz” o‘rganib chiqqan sud qaroriga ko‘ra, 6-sentabr kuni soat taxminan 14:15 da Captiva 80−90 km/soat tezlikda harakatlanib kelayotganida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodani (1956-yilda tug‘ilgan) urib yuborgan. Piyoda olgan jarohatlari (bosh, ko‘krak, qorin, qo‘l va oyoq qo‘shma to‘mtoq jaroxatlari natijasida bosh chap chakka suyagini sinib, asosiga o‘tishi oqibatida bosh miya pardalari ostiga va to‘qimasiga qon qo‘yilishi) oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Sud majlisida haydovchi voqea paytida otasining mashinasida Kichik halqa yo‘li bo‘ylab harakatlanib, Istirohat ko‘chasidan Zangiota ko‘chasi tomon ketayotganini aytgan. U 28-uy yaqinida piyodalar o‘tish yo‘lagiga yetmasdan bir nechta avtoulovlar to‘satdan sekinlashib to‘xtaganini ko‘rgan. So‘ngra mashinalar piyodalarni o‘tkazib yuborgan, deb o‘ylab harakatini to‘xtatmagan. Biroq piyodalar o‘tish joyiga yetganda to‘xtab turgan mashinalarning oldidan bir keksa odam yugurib o‘tib qolgan va uni urib yuborgan.

Ayblanuvchining aytishicha, piyodaga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tez yordamga xabar bergan. O‘sha yerda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari kelib piyodani yurak urishini tekshirib ko‘rgan va olamdan o‘tganini aytgan. Keyinroq tez yordam mashinasi jabrlanuvchini olib ketgan.

J.M. sudda aybiga iqror bo‘lib, chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi. Marhumning dafn marosimi bilan bog‘liq xarajatlarni o‘zi qoplaganini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni va ikki nafar farzandli oilada yagona boquvchi ekanligini inobatga olishni so‘radi.

Marhumning qizi ayblanuvchidan moddiy yordam ko‘rsatilganini tasdiqladi va unga qarshi hech qanday da’vosi yo‘qligini aytdi. U suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi.

Sudya Xusan Hamidov haydovchiga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Tayinlangan jazo manzil koloniyalarda o‘talishi belgilandi. Sudlanuvchi, shuningdek, 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Ish materiallarida qayd etilishicha, 2017-yilda haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish tomonlarning yarashuvi doirasida tugatilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023-yilning 11 oyida 8693 ta YTH sodir etilib, ularda 2080 nafar inson halok bo‘lgan va 8055 kishi jarohatlangan. sentabr, oktabr va noyabr oylarida jami 665 nafar kishi YTH sabab vafot etgan. Senat qo‘mitasi YTHlarga asosan fuqarolar sababchi ekanini ma’lum qilgan.