29-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Nishon tumani sudida bloger Abdulhakim Abjalilovga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud yakunlandi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga viloyat sudlari matbuot xizmati.

Hukmga muvofiq, Namangan viloyatida tug‘ilgan, Achchiq haqiqat MCHJ rahbari, shu nomdagi kanal admini bo‘lgan 49 yoshli bloger Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ta’kidlanishicha, mazkur jinoyat Qashqadaryoda sodir etilgan.

Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bloger tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydi. Shuningdek, ishda jabrlanuvchi bo‘lgan ikki kishining biriga 1 mln so‘m zarar undirish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat avval Emine Karamanova nomi bilan tanilgan bloger Lemara Mirzaaxmedovaga nisbatan 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. U tuhmat, haqorat qilish va tovlamachilik jinoyatlarida aybli deb topilgan.

Shuningdek, Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasi qabulxona-diagnostika bo‘limi mudiri vazifasida ishlagan bloger Otabek Axliddinovga 7 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan. U tovlamachilik va talon-toroj qilishda ayblangan.