Ko‘p miqdordagi pul mablag‘larni firibgarlik bilan o‘zlashtirishda ayblanib Turkiyada qo‘lga olingan ayol O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deya xabar bermoqda Istanbuldagi bosh konsulxona matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 66 yoshli Rita Xalilova IIV tomonidan 2016-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan. U 13-yanvar kuni O‘zbekiston va Turkiya Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Istanbul shahrida qo‘lga olingan.

Ayol 28-yanvar kuni konsulxona diplomatlari ishtirokida Istanbul xalqaro aeroportidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Istanbul shahridagi bosh konsulxonaga yoki Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilish so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning xalqaro qidiruvga berilgan 8 nafar fuqarosi, jumladan, “Madam Klod” nomi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova Turkiyada ushlangandi. Shuningdek, Istanbulda 2017 va 2018-yillardan buyon odam savdosida ayblanib qidiruvda bo‘lgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingandi.