Gaagadagi Xalqaro sud 26-yanvar kuni Janubiy Afrikaning G‘azo sektoridagi genotsid konvensiyasini buzganlikda ayblangan Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha oraliq hukm chiqardi, deb xabar bermoqda BBC News.

Dekabr oyida Janubiy Afrika Isroilning G‘azo sektori aholisiga qarshi, ayniqsa, 2023-yil 7-oktabr kuni HAMAS hujumidan so‘ngi harakatlari, “genotsid xususiyatiga ega” degan da’vo bilan BMT sudiga da’vo qildi. “Gazeta.uz” sud jarayoni haqida batafsil yozgandi. Janubiy Afrika suddan falastinliklarni himoya qilish uchun to‘qqizta ehtiyot chorasini ko‘rishni so‘radi. Ularning ichida Isroilga anklavdagi harbiy operatsiyalarni to‘xtatish haqidagi buyruq ham bor.

Juma kuni faqat Janubiy Afrikaning ehtiyot choralari haqidagi talabi ko‘rib chiqildi. Qarorni 17 nafar hakamlar hay’ati qabul qildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Isroil genotsid deb topilishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarning, ya’ni milliy, etnik, irqiy yoki diniy guruh a’zolarini ataylab yo‘q qilishning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishi kerak.

Sud, shuningdek, Isroil o‘z harbiylari G‘azo aholisiga qarshi genotsid sodir etmasligini ta’minlash, bunday harakatlarga undashning oldini olish va jazolash hamda da’vo qilingan genotsidga oid barcha dalillar saqlanib qolishini ta’minlash majburiyati bor, deb qaror qildi.

G‘azo aholisiga asosiy xizmatlar ko‘rsatilishi va insonparvarlik yordami yetkazilishi ta’minlanishi kerak.

“Isroil davlati hukm chiqarilgandan keyin bir oy ichida sudga ushbu qarorni amalga oshirish uchun qilingan barcha choralar haqida hisobot berishi kerak”, — deb xulosa qildi sudya Djoan Donoxyu.

Bundan tashqari, sud HAMAS tomonidan garovga olingan isroilliklarning taqdiridan jiddiy xavotir bildirdi va ularni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Shu bilan birga, BBC ta’kidlaganidek, sud Isroilni Janubiy Afrika so‘raganidek, G‘azodagi harbiy amaliyotini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirmadi.

BMT sudining qarorlari majburiydir va ustidan shikoyat qilish mumkin emas, lekin sud ularni ijro etish imkoniyatiga ega emas, deya aniqlik kiritadi BBC. Janubiy Afrikaning genotsid da’vosini to‘liq hal qilish uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin.

Janubiy Afrika hukumati BMT sudining qarorini olqishlab, uni xalqaro huquq ustuvorligining hal qiluvchi g‘alabasi va Falastin xalqi uchun adolat izlash yo‘lidagi muhim bosqich deb atadi. Shuningdek, Isroil sud hukmini bajarishiga umid bildirgan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham bayonot berdi. “Biz xalqaro huquqqa rioya qilgan holda o‘zimizni va fuqarolarimizni himoya qilishda davom etamiz”, — dedi u.

“Biz bu urushni mutlaq g‘alabaga qadar, barcha garovga olinganlar qaytarilmaguncha va G‘azo sektori Isroil uchun xavf tug‘dirmaguncha davom ettiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi Isroil hukumati rahbari.