“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun Prezident administratsiyasi ekspertlari tomonidan o‘rganilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva BBC O‘zbek xizmatiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Tanzila Narbayeva mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurashish bosqichlari haqida gapirib, avvalo qonunchilik takomillashtirilgani, bu yo‘lda o‘nta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini aytdi.

“Keyingi dolzarb masala esa yangi qonunlarning ishlab chiqilishi. Bu borada ham tegishli ishchi guruhlar tomonidan ishlar olib borilmoqda”, — dedi Senat raisi.

Shundan so‘ng jurnalist Ibrat Safo “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining taqdiri haqida so‘radi. Ushbu qonun loyihasi 2023-yil iyun oyida Senat tasdig‘idan o‘tib, prezidentga imzolash uchun yuborilgandi, shundan beri hujjatning qabul qilinish-qilinmasligi noma’lumligicha qolmoqda.

“Davlat rahbari bu qonunni 60 kun ichida imzolashi yoki qaytarib yuborishi kerak, deb bilamiz. Afsuski, biz hozir uning qay bosqichda ekanligidan bexabarmiz. Siz bizga shu haqida ma’lumot bera olasizmi?”, — deya savol berdi jurnalist.

Tanzila Norbayevaning javobi quyidagicha bo‘ldi: “Albatta, bu qonun qabul qilinadi… Prezident administratsiyasida ham alohida ekspertlar guruhlari bor, ular ham tendensiyalarni, misol uchun, O‘zbekistondagi holat, qonunchilarning bergan xulosalari va xalqaro doiralarda qanday holat ekanligini tahlil qilgan holda, o‘zlarining fikrlarini, albatta, shakllantirishadi… Prezident tomonida ikkita yo‘l bor — yoki qaytaradilar, yoki imzolaydilar. Biz buni hozir kutib turibmiz”.

Shuningdek, Senat raisi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlardan ko‘ngli to‘lmaganini aytdi.

“Korrupsiya mavjud ekan, bu borada qilinayotgan ishlardan hali hech kimning ko‘ngli to‘lgani yo‘q. Biz davlat doirasida bo‘ladigan muhokamalarda, OAVlarda, blogerlar, ijtimoiy institutlar faollari tomonidan korrupsiya illatlari ko‘tarilar ekan, bu borada qiladigan ishlar ancha ko‘pligini bilamiz”, — dedi u.

Senat raisining aytishicha, Senat qoshidagi Qorrupsiyaga qarshi kurashish milliy komissiyasi tahlillariga ko‘ra, quyidagi to‘rtta sohada korrupsiya omillari kuchaygan: sog‘liqni saqlash, ta’lim, qurilish va davlat xaridlari tizimi.

“Bu yo‘nalishlar bo‘yicha raqamlashtirish, ochiqlik, komplayns nazorati hamda ichki qonun-qoidalarni ishlab chiqarishda korrupsiyadan holi bo‘lish nazorat tizimlarini qo‘llagan holda bu sohalarni birinchilardan qilib korrupsiyadan holi tizimlarga aylantirmoqchimiz”, — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi

2022-yil 10-may kuni Adliya vazirligi “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilgandi. Qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishni nazarda tutadi. Hujjatda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni deklaratsiya qilish va oldindan xabar berish tartibini yo‘lga qo‘yish, bunga amal qilmaganlarni esa jarimaga tortish belgilangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha vakolatli organ bo‘lishi ko‘zda tutilgandi.

Shu yilning 25-oktabrida qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan. Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat xizmatida minglab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganlik holatlari aniqlangan, ammo huquqiy asos yoki javobgarlik belgilanmagani sababli ularni bartaraf etishda qiyinchiliklar mavjud bo‘lgan. Shu tariqa qonun loyihasi Senatga yuborilgan.

2023-yilning 1-iyunida senatorlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqqan va ma’qullagan. Tanzila Narbayeva manfaatlar to‘qnashuvi davlat organlaridagi korrupsiyaviy holatlarning boshlang‘ich nuqtasi ekanini qayd etgandi.

“Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi qonunchilikda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq bo‘shliqlar yopilmoqda, bu yo‘nalishni qonunan tartibga soluvchi aniq mexanizmlar belgilanmoqda. Manfaatlar to‘qnashuvining huquqiy oqibatlari belgilanmoqda, ya’ni bunday holatda qabul qilingan qarorlar va tuzilgan bitimlar sud hukmi orqali bekor qilinishi mustahkamlanmoqda”, — degandi Senat raisi o‘shanda.