O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining 25-yanvardagi yig‘ilishida asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.

“Iqtisodiyotdagi yuqori talab dinamikasi ta’sirida shakllanayotgan kutilamalarni inobatga olib asosiy stavka darajasi o‘zgarishsiz qoldirildi. Prognozlarga ko‘ra, inflyatsiya yil yakunida 8−9 foizni tashkil etishi kutilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Shakllantirilayotgan pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani 5 foizlik target darajasigacha barqaror pasayish trayektoriyasini ta’minlashga qaratilgan.

“Umumiy inflyatsiya so‘nggi oylarda 8,8 foiz darajasida saqlanib qoldi. Iste’mol savatidagi tovarlar guruhida inflyatsiyaning pasayishiga qaramasdan, xizmatlar inflyatsiyasi oxirgi chorakda biroz tezlashdi. Bu esa kelgusida talab tomonidan umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi bosimlarning kuchayish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi”, — deydi tahlilchilar.

Iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning yuzaga kelishi va saqlanib qolayotgani, yuqori talab sharoitlariga ayrim taklif komponentlarining to‘liq moslasha olmayotgani bilan izohlanadi, deya izoh berdi Markaziy bank.

Bundan tashqari, so‘nggi so‘rovlar natijalariga ko‘ra, sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar yuqori darajalarda saqlanib qolmoqda.

2023-yilda iqtisodiy o‘sishning 6 foizgacha tezlashishiga, asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining yuqori sur’atda o‘sishi muhim ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning ijobiy dinamikasi, fiskal rag‘batlantirishlarning yuqori bo‘lganligi va pul o‘tkazmalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘ldi, deya ta’kidladi Markaziy bank.

Regulyator jahon iqtisodiyotdagi qat’iy moliyaviy sharoitlar, mehnat bozorlarining muvozanatlashishi va xomashyo tovarlari narxlarining pasayuvchi dinamikasi ta’sirida global inflyatsiyaning joriy yilda ham sekishlashishda davom etishini kutmoqda.

“Savdo hamkorlardagi joriy iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalarni inobatga olib, kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar kuzatilmasligi taxmin qilinmoqda”, — deydi Markaziy bank tahlilchilari.

Bank tizimida likvidlikdagi tarkibiy profitsitning qisqarib borishi bilan bir qatorda pul bozorida operatsiyalarning faollashuvi kuzatilmoqda. Pul bozoridagi qisqa muddatli foiz stavkalarining 2024-yil davomida ham monetar operatsiyalarni faol qo‘llagan holda foiz koridori doirasida shakllanishi uchun sharoit yaratib boriladi, deyiladi xabarda.

Milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha yuqori ijobiy real foiz stavkalari sharoitida bank depozitlari hajmining o‘suvchi dinamikasi saqlanib qolishi kutilmoqda.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, asosiy ssenariy bo‘yicha 2024-yilda umumiy inflyatsiya 8−9 foiz, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7−8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilda makroiqtisodiy rivojlanishning qaysi ssenariy shartlari asosida kechishi tashqi iqtisodiy omillar bilan birga maqroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning ichki omillari, ya’ni tarkibiy islohotlar sur’atlari, fiskal intizom va pul-kredit siyosati ta’sirchanligiga bog‘liq bo‘ladi.

Shu bilan birga, ayrim tartibga solinadigan narxlarda kutilayotgan o‘zgarishlar, aksiz va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar hisobiga keyingi oylarda ichki narxlarga bir martalik ta’sir ehtimollarini pasaytirish choralari ko‘rilmoqda.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy tashqi xatarlar, global fragmentatsiyaning kuchayishi va yuqori global inflyatsion jarayonlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

2024-yilda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 5,5−6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bir tomondan, iste’mol talabi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tarkibiy islohotlar ta’sirida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hajmining oshishi bo‘ladi, deb ta’kidladi Markaziy bank.

Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha kelgusi qarorlarini umumiy inflyatsiyaning yangilangan prognozlaridan kelib chiqib qabul qiladi va inflyatsiyaning 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlab boradi, dedi regulyator. Eslatib o‘tamiz, 2023-yil oktabr oyida ushbu maqsadga erishish 2025-yilning ikkinchi yarmiga qoldirilgandi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 14-martga belgilangan.