Payshanba kuni tushdan keyin boshlangan yomg‘irdan so‘ng Toshkent shahrida havoning mayda PM2,5 zarralari (diametri 2,5 mikrometrgacha) bilan ifloslanishi ertalab soat 8:00 dagi “zararli"dan 17:00 dagi “o‘rtacha"ga kamaydi, deb xabar berdi O‘zgidromet.

Soat 16:00—17:00 oralig‘ida PM2,5 miqdori O‘zgidromet joylashgan Bodomzor yo‘li ko‘chasi hududida 28 mkg/m3 ni, Xalqlar do‘stligi maydonida 23 mkg/m3 ni tashkil qildi.

Ertalab soat 8:00 da shaharda PM2,5 ning o‘rtacha darajasi 104,8 mkg/m3 ni tashkil etgandi, bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalaridan 20,9 marta (5 mkg/m3) ortiqroq. Chorshanba kuni soat 20:00 da ko‘rsatkich 59,8 mkg/m3 ni yoki JSST tavsiya qilganidan 11,9 baravar yuqori darajani tashkil etgandi.

Avvalroq O‘zbekistonda atmosfera havosidagi PM2,5 zarrachalari miqdori bo‘yicha standart mavjud emasligi, shu sababli mutaxassislar tomonidan milliy standartlar ishlab chiqilayotgani xabar qilingan edi. Amal qiladigan mamlakatlariga qarab, standartlar bir-biridan farq qiladi.