Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqasida qizamiq bilan kasallanish holatlari “tashvishli darajada oshgani” haqida xabar berdi, axborot Markaziy Osiyoni o‘z ichiga olgan. JSSTning Yevropa byurosi shoshilinch emlashga chaqirdi, deb yozmoqda BBC tashkilot bayonotiga tayanib.

2023-yilda JSSTning Yevropa mintaqasiga kiruvchi 53 ta davlatdan 40 tasida 42 mingdan ortiq qizamiq kasalligi qayd etilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich atigi 941 ta bo‘lgandi.

JSST so‘nggi oylarda qizamiq bilan kasallanish tezlashganini ta’kidladi va shoshilinch choralar ko‘rilmasa, o‘sish tendensiyasi davom etishini ma’lum qildi.

“Emlash bolalarni ushbu potensial xavfli kasallikdan himoya qilishning yagona yo‘li hisoblanadi. Barcha davlatlar qizamiqni yo‘q qilish yo‘lidagi taraqqiyotga tahdid soluvchi epidemiyalarni tezda aniqlashga va ularga zudlik bilan javob berishga tayyor bo‘lishlari muhim”, — dedi JSST Yevropa direktori Xans Klyuge.

JSST kasallanishning bunday o‘sishini 2020−2022-yillarda Yevropa mintaqasi mamlakatlarida emlash qamrovining pasayishi bilan izohladi. Muntazam immunizatsiya ishlari COVID-19 pandemiyasi tufayli to‘xtatilgan. JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, bu davrda 1,8 milliondan ortiq chaqaloq qizamiqqa qarshi emlanmagan.

Tashkilotning ta’kidlashicha, qizamiq bilan kasallanish holatlari hatto ilgari ushbu kasallik ortiq kuzatilmay qo‘ygani haqida e’lon bergan mamlakatlarda ham qayd etilmoqda. Qizamiq barcha yosh guruhlariga ta’sir qiladi, ammo, umuman olganda, beshta holatdan ikkitasi 1 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar va har beshinchi holatdan biri 20 yoshdan oshgan kattalardir.

Markaziy Osiyodagi vaziyat

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonda qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha 1026 ta holat qayd etilgan. Bu 2022-yilga nisbatan 128 baravar ko‘p, o‘sha yili bu raqamlar bor-yo‘g‘i 8 ta edi. Kasallikning yuqori darajasi (400 dan ortiq holatlar) 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilmoqda, ularning ko‘pchiligi vaksinaning bitta bo‘lsa ham dozasini olmagan.

qizamiq, жсст

O‘zbekistonda qizamiq bilan kasallanish holati bo‘yicha JSST ma’lumotlari.

Noyabr oyi oxirida O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi qo‘mitasi Namangan viloyatida qizamiq bilan kasallangan bolalar soni keskin oshganini tasdiqlagandi. 2023-yilning yanvar-noyabr oylarida viloyatda 735 ta holat qayd etilgan.

O‘tgan yil davomida Markaziy Osiyo davlatlaridan qizamiq bilan kasallanishning eng ko‘p soni Qozog‘istonda qayd etilgan: 13 662 ta (2022-yilda 4 ta bo‘lgan). Qirg‘iziston 5486 ta (23) holat bilan ikkinchi o‘rinda.

Tojikistonda qizamiq bilan kasallanish bo‘yicha 294 ta holat qayd etilgan, bu 2022-yilga nisbatan (451 ta holat) kamdir. Turkmaniston bo‘yicha ma’lumotlar keltirilmagan.